Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimova noqonuniy o‘zlashtirgan mablag‘lardan 95 mln dollari O‘zbekistonga qaytarilgan

Gulnora Karimova noqonuniy o‘zlashtirgan mablag‘lardan 95 mln dollari O‘zbekistonga qaytarilgan

Foto: Getty Images

Gulnora Karimova noqonuniy o‘zlashtirgan Shveysariyadagi mablag‘lardan 95 mln dollari O‘zbekistonga qaytarilgan. Bu haqda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, musodara qilingan jami 131 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ayni paytgacha mamlakatga kelib tushgan 87 mln dollar mablag‘ sog‘liqni saqlash va ta’limga sarflanmoqda (har bir sohaga 43,5 mln dollardan).

Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida respublikamizdagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olingan. Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, BMT tashkilotlari tomonidan 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari o‘qitilgan. Tug‘uruq muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 29 ta milliy protokol va qo‘llanma jahon standartlari asosida yangilangan.

«Ishonch» jamg‘armasi hisobidan ta’lim sohasida mo‘ljallangan ishlar ikkita komponentga bo‘lingan holda amalga oshirilmoqda. Birinchisi bo‘yicha axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali ta’lim imkoniyatlarini oshirish loyihasi ishga tushirilgan.

Ikkinchi komponentga asosan, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda, maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, maktablarni boshqarishga jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan loyiha taklifi ishlab chiqilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring