Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gollandiyada yangi partiya shifokorga muolaja uchun emas, bemorni davolagani uchun pul to‘lashni talab qilmoqda

Gollandiyada yangi partiya shifokorga muolaja uchun emas, bemorni davolagani uchun pul to‘lashni talab qilmoqda

Foto: «Sdelanounih.ru»

Gollandiyalik ko‘zga ko‘ringan tibbiyot xodimlari yangi siyosiy partiyani tashkil etishdi. U NLBeter deb ataladi. («beter» «yaxshiroq», shuningdek, «tuzatish» degan ma’nolarni anglatadi). Ularning fikricha, partiyaning tashkil etilishiga milliy sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining qoniqarsizligi asosiy sabab bo‘lgan. Psixiatr Ester van Fennema — yangi partiyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlarning boshqa chorasi yo‘q, negaki mavjud partiyalar sog‘liqni saqlash tizimini o‘zgartirish va uning muammolarini hal qilishga qodir emas.

«Regnum»ning yozishicha, partiya rahbariyati asosan turli yo‘nalishdagi tibbiyot xodimlaridan iborat. Partiya parlamentning quyi palatasiga 2021-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarda qatnashish niyatida. U 150 o‘rindan kamida beshtasini olishni ko‘zlamoqda.

Van Fennemaning so‘zlariga ko‘ra, partiya a’zolari shu paytgacha o‘z fikrini bildirish uchun gazetalarga yozishdi, Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki tok-shoularga taklif etildi, biroq bu sog‘liqni saqlash tizimida real o‘zgarishlarga olib kelmadi.

2020-yilda partiya o‘z saylovoldi dasturini, shuningdek, saylovda qatnashadigan nomzodlar ro‘yxatini taqdim etadi.

Shunga qaramay, yangi partiyaning asosiy talablari allaqachon ma’lum bo‘ldi:

Sog‘liqni saqlash sohasida menejerlar sonini 20% ga qisqartirish: bu tibbiy yordam uchun mablag‘ni saqlab qoladi.

Kasalliklar profilaktikasiga ko‘proq e’tibor berish.

Shifokorlarga muolaja uchun emas, bemorni davolagani uchun pul to‘lash.

Van Fennema mavjud partiyalarning ayrimlari sog‘liqni saqlash muammolari haqida qayg‘urishidan shubhalanmasligini tan oldi. Biroq, uning fikricha, bu yetarli emas. Ustiga-ustak, shifokorlar sog‘liqni saqlashga nima zarurligini yaxshiroq bilishadi. Yangi partiya bitta mavzu partiyasiga aylanib qoladigan degan tanbehga javoban Van Fennema partiyaning asosiy maqsadi sog‘liq va sog‘lom jamiyat ekanligini, lekin bu mavzu ta’lim yoki ijtimoiy siyosat masalalariga ham borib taqalishini ta’kidladi. Shu bois, uning fikricha, partiya sof tibbiy birlashmadan ko‘ra kengroq mazmun kasb etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring