«GM Uzbekistan» aksiz soliq stavkasi va mashinalar narxiga rasman izoh berdi

«GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatining Jamoatchilik bilan aloqa qilish xizmati yengil avtomobillar uchun belgilangan 5 foizlik aksiz soliq stavkasiga rasman izoh berdi.
«Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxlarining keskin ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda amaldagi narxlarning saqlanib qolishini ta’minlash maqsadida 2017-yilning 5-sentabrida Vazirlar Mahkamasining «GM Uzbekistan» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxlarini shakllantirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 701-sonli qarori imzolandi. Unga ko‘ra, yengil avtomobillarning ulgurji va chakana narxlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017-yil 31-avgustdagi kursi bo‘yicha (4210,35 so‘m) qat’iy belgilab qo‘yildi», deyiladi «GM Uzbekistan»ning Jamoatchilik bilan aloqa qilish xizmati xabarida.
Xabarda qayd etilishicha, valyuta kursining o‘zgarishi «GM Uzbekistan» avtomobillarining Vazirlar Mahkamasining 701-sonli qarori bilan tasdiqlangan ulgurji va chakana narxlar hisob-kitobiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun «GM Uzbekistan» yengil avtomobillari uchun belgilangan aksiz soliq stavkasi 5 foiz etib belgilandi.
Bu esa kursdagi tafovut sabab xarajatlarning oshib ketishini qoplash va bu bilan avtomobillarning chakana narxlaridagi barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi.
«Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 29-dekabrda «O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «GM Uzbekistan» avtomobillarining aksiz solig‘ining pasaytirilgan stavkasi 2017-yilning 5-sentabridan amalda qo‘llanib kelinmoqda. O‘z-o‘zidan kelib chiqadiki, aksiz soliq stavkasining o‘zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko‘zda tutilmayapti», deyiladi xabarnomada.
Eslatib o‘tish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrda imzolangan «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5177-sonli farmoniga muvofiq, tovar, ish va xizmatlar uchun narx va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanishi tasdiqlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter