Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ijduvondagi bozor nega yonib ketdi? (video)

G‘ijduvondagi bozor nega yonib ketdi? (video)

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 7-yanvarida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida majmuasining «B» blokidagi savdo do‘konlarining 960 kvadrat metr maydoni yonib ketgan.

Ikki qavatli majmua ichidagi 70 ga yaqin do‘kon va do‘konlardagi jihozlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak va parfyumeriya buyumlari yonib, zararlangandi. Yong‘in oqibatida ko‘plab tadbirkor va savdogarlarning mahsulotlari butkul yonib ketgan. «Xabar.uz» muxbiri «yong‘in qasddan uyushtirilgan» degan ta’kidlarga ochiqlik kiritishga uringan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilning dekabr oyida «G‘ijduvon dehqon bozori» aksiyadorlik jamiyati 120 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta tiklanib, foydalanishga topshirilgan. 9,2 gektar yer maydonida joylashgan ushbu zamonaviy bozor 1880 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlariga mo‘ljallangan 3 blokli 2 qavatli savdo majmuasidan iborat bo‘lib, 6x4 metr/kvadrat hajmli qator do‘konlar barpo etilgan. Majmuaning yerosti qismi ham bor.

Savol tug‘iladi: bozor qaysi hisobdan qurilgan?

Ta’kidlanishicha, Prezidentning 2017-yil 27-martdagi «2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori asosida «G‘ijduvon dehqon bozori» AJ savdo majmuasida «Bozorqurilish» MChJ quruvchilari tomonidan tadbirkorlar mablag‘lari hisobidan qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Aynan shu davrda sobiq bozor rahbari Vali Sodiqov ham bozor direktori, ham qurilish tashkiloti rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

2019-yilda savdo do‘konlari qurilishi uchun tadbirkorlarga 30 kun muddat ichida to‘lovni 100 foiz oldindan to‘lashlari tushuntirilgan. Lekin tadbirkorlar tomonidan belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmagach, qurilish ishlari to‘xtab qolmasligi uchun «Xalq banki»ning tuman filialidan 11 milliard so‘m kredit olingan. So‘ngra qurilish ishlari to‘liq bajarilib, savdo do‘konlari egalariga topshirilgan. Shu kredit hisobidan bozor rahbariyatining 2 milliard so‘m qarzdorligi yuzaga kelgan.

Bozor ma’muriyatining 2020-yilda ommaviy axborot vositalari xodimlariga bergan manbasiga ko‘ra, kreditdan mavjud 2 milliard so‘m qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida tadbirkorlar do‘koni devoriga yengil konstruksiyali qo‘shimcha qurilmalar ulanib, yangi do‘konlar hosil qilingan. Bu esa boshqa tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan.

Tuman hokimligi mas’ullari tomonidan ushbu qarzdorlikni qoplash maqsadida imkoniyatlar izlanib, blokdan bloklarga o‘tish joylarida yengil konstruksiyali savdo do‘konlari joylashtirilayotgani tadbirkorlar e’tirozlariga sabab bo‘lgani, shundan so‘ng qurilish ishlari to‘xtatilib, tiklangan yengil konstruksiyali do‘konlar esa buzib tashlanganini bildirgan edi.

«2021-yilda jurnalistlar kelganda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan aynan shu yengil konstruksiyali do‘konlar olib tashlangan edi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, sobiq bozor rahbari Vali Sodiqov bunday o‘zboshimchaliklarni yana davom ettirgan edi. Ishonsangiz, do‘konlar orasida aqalli bir qarich ham ochiq joyning o‘zi yo‘q edi. Shu qadar tig‘iz joylashgan ediki, biri ag‘darilib tushsa, ikkinchi, uchinchi do‘konlar ham unga qo‘shilib, ag‘darilib tushadigan darajada edi. Yong‘in yoki biror favqulodda holatlarda bunday tor yo‘laklardan mutlaqo foydalanish imkoni qolmagandi. Aynan shu holatning o‘zi ham yong‘inning boshqa do‘konlarga ham juda tez o‘tib ketishiga sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Buni kimdir qasddan uyushtirmagan, ammo holat bo‘yicha, nafaqat, bozor ma’muriyatining, balki tuman mas’ullarining ham aybi bor. Vaholanki, ular mana shu o‘zboshimcha qurilmalarni har kun ko‘rishgan, ammo e’tibor qaratishmagan», — deydi tadbirkorlardan biri do‘konlarning tez yonib ketishiga sabab nima bo‘lganini tushuntirar ekan.

O‘zini tanishtirishni istamagan keyingi tadbirkorning aytishicha, 90000 kv.m, 9 gektar bozor yer maydoniga eski bozorning 25000 kv.m 2,5 gektar yerini qo‘shib berilishi evaziga viloyat hokimining 03.04.2018 yildagi 199-sonli qarori bilan tadbirkor Vali Sodiqovga shu hududda 60676,6 kv.m 6,7 gektar yer maydoni  ajratib berilgan bo‘lgan. 2022 yil 2 avgustdagi viloyat hokimining qarorida esa 03.04. 2018 yilgi qaror bekor qilinib, hududni davlat ulushiga o‘tkazish belgilangan. 

Shundan so‘ng viloyat hokimining mazkur qarorini haqiqiy emas, deb topilishi talabi bilan 2022-yilning 17-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoro viloyat xokimi qarorining orqasidan mulksiz qolgan 392 ta tadbirkor» sarlavhasi ostida videomurojaat tarqalgan. Holat mahalliy sud tomonidan o‘rganib chiqilib, viloyat hokimi qarori bekor qilingan va mulk xususiy tadbirkor hissasiga qoldirilgan.

«Videomurojaat 17 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bo‘lsa, 26-dekabrda bo‘lib o‘tgan sudda tadbirkorlar qo‘li baland keldi. Yong‘in esa 7-yanvar tong saharda sodir bo‘lmoqda. Men aniq aytolmaymanu, ammo bu ikki holat o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik bordek. Yana bilmadim. Tegishli organlar juda qattiq tekshiruv olib borishlari kerak»,— deydi tadbirkor.

Fuqaro Gulchehra Hamroyevaning so‘ziga ko‘ra, 7-yanvar tong sahar tadbirkorlarga savdo do‘konlarining yonib ketgani haqida xabar kelgan.

— Soat 07:00 bozorga yetib keldik. Tandirda qanday olov yonadi, do‘konlarimiz xuddi shunday gummillab yonib yotgandi. Yerosti rastalarida savdo qiladiganlar soat 05:00 da bu yerda «uchqun» ham yo‘qligini aytishdi. Birdaniga hamma joy yonib ketgan. Shunday bo‘lishi mumkinmi?! Bu yerni qasddan yondirishgan. Meni otib tashlashsayam, to‘g‘risini aytaman. Hokim sizlarga yordam beraman, yuqoriga chiqmanglar, degach, kutib o‘tiribmiz. Undan tashqari, 14 foizlik kredit mablag‘lari ajratilishida ko‘maklashishini aytdi. O‘zimiz ham molimizga, ham jonimizga kuyib o‘tiribmiz. Qaysi hisobdan to‘laymiz kredit qarzdorliklarini, — deydi do‘kon egasi.

— Qanday va kim tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin, sizning-cha? — so‘raymiz.

— Man qayerdan bilaman? Endi shunaqa deyishyapti-da! Elektr tokdan bitta, ikkita, uchta do‘kon kuyar, ammo yarim soat ichida 70 ta do‘kon kuyadimi? Hozir noilojlikdan muzlagan lotok bo‘yida savdo qilishga majburmiz. Shungayam yoyma qilib, savdoga ruxsat berishayotganidan xursandmiz. O‘zimning 230 million va ammamning esa 27 million so‘mlik tovari, shuningdek, 14 million naqd pullarim kuyib ketdi. Eng kam savdo qiladigan savdogarlardanman. Ammo bilasizmi, sheriklarimning qanchadan-qancha mol-mulklari kuyib ketdi,— dedi Gulchehra Hamroyeva.

Gulchehra Hamroyeva yarmi kuyib, yarmi chala kuygan 14 million so‘m miqdoridagi pullarni uyida saqlab kelayotganini bildirgan.

— Mening yuz milliondan ortiq tovarlarim, 20 milliondan ortiq pullarim, undan tashqari, qarz daftarlarimiz ham yonib ketdi. Kimlar bizdan mahsulotlarni qarzga olishgan, o‘zimiz kimlardan qarzga tovar olib kelganmiz hamma-hammasi qayd etilgan daftar edi u. Endi so‘rab kelishayapti. Lekin, biz hali-veri o‘zimizni o‘nglab olishimiz mushkul,— deydi keyingi tadbirkor.

Boshqa bir tadbirkor o‘zining oziq-ovqat do‘konidagi 7 ta muzlatgich va mahsulotlar «ko‘mir»ga aylanganini bildirgan. Barcha do‘konlardagi kassa apparatlar ham kuyib ketgan.

Manbalarga ko‘ra, tuman hokimi holat yuzasidan o‘kazilgan yig‘ilishda tadbirkorlarga yordam berishini bildirgan.

— Albatta, tuman hokimi biz bilan uchrashib, imkon darajasida ko‘mak berishini bildirdi. Do‘kon davlatniki bo‘lmasayam, hokim bechora yordam berdi-ku!

— Qanday yordam berdi?—so‘raymiz.

— Un, yog‘, go‘sht berdi, kartoshka-piyoz berdi. Bundan tashqari, tirikchiligimiz, ro‘zg‘or tebratishimizni o‘ylab, noqonuniy bo‘lsayam, yerda yoyma savdo qilishga ruxsat berdi!

— Un, yog‘, go‘sht, kartoshka-piyoz yordami yaxshi. Ammo biz boshqa ko‘makni nazarda tutgandik.., — ta’kidlaymiz.

Biz savdo qilgan va yonib ketgan bino aslida xususiy tadbirkorga tegishli. Hokim o‘z vaqtida biz, tadbirkorlarga yordam qo‘lini cho‘zib, «Saxovat va ko‘mak» hisobidan soliqdan qarzdorligimizga qarab, mablag‘ ajratdi. Shu orqali soliqdan qarzdorliklarimizni so‘ndirdik. Buyam katta ko‘mak bo‘ldi biz uchun. Rahmat hokimga. Biroq, xususiy tadbirkorning o‘zi qani?! — so‘zlaydi keyingi tadbirkor.

— Yer davlatniki, bino ham vaqtida tadbirkorlar hisobidan tiklangan. Undan tashqari, aksiyada davlatning 51 foiz ulushi bor!

— Hamma tadbirkorlar birlashib, tiyin-tiyin yig‘ib, o‘z puliga tiklashgan. Biz savdo majmuasining xususiy tadbirkorga berib qo‘yilishiga qarshimiz. Ular sud orqali «yutib» olganmish. Xo‘sh, ayting-chi, xususiy nima yordam berib bildi? Xususiy esa o‘z foydasiga ishlayapti. Yana davlat, yana hokimiyat bosh-qosh bo‘lyapti. Biz hokimdan rozimiz! Minnatdormiz! — deya bildirishdi ular.

Mutasaddilar va tadbirkorlar binoni xususiylashtirish uchun 4-5 oydan buyon sudlashib kelishgan, bu holatda tadbirkorlarning qo‘li baland kelganidan so‘ng yong‘in yuzaga kelgan, shunga ko‘ra, yong‘in qasddan uyushtirilgan, degan shubhaga bormoqda ayrim tadbirkorlar.

— Men esa yong‘in uyushtirilganiga umuman ishonmayman. Har doim yarim kecha tovar olib kelsak ham qorovul sergak,  e’tiborli edi. Birorta begona odam kira olmas edi. Undan tashqari, kameralashtirilgan. Kimga kerak bu yong‘inni uyushtirish. Lekin savdo majmuasining yonib, kultepaga aylanishida mutasaddilarning ham hissasi bor. U qanday hissa?! Do‘konlar bir-biriga o‘zboshimchalik bilan yengil qurilmalar orqali birlashtirilib, qalashtirib tashlangan edi. Bitta uchqun bo‘lsa bas-da, kiyim-kechaklaru boshqa savdo mahsulotlari quruq yonib ketishi hech gap emas! Ana shu o‘zboshimchalik oqibati yirik savdo majmuasi barbod bo‘lib, yuzlab tadbirkorlar kasod bo‘lishdi,—dedi o‘zini Nigora, deb tanishtirgan savdo xodimi.

Tadbirkorlar va savdogarlarning qarashlari yuzasidan G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov «Xabar.uz» muxbirini qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, agar respublikadan xususiy tadbirkorga tegishli kuyib ketgan savdo majmuasida faoliyat yuritgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash amallariga ruxsat berilsa, ko‘mak albatta berilishini ta’kidlagan.

«Yong‘indan  jabr ko‘rganmiz, deb yuzlab tadbirkor kelishdi. Lekin shulardan faqat 30 nafari ro‘yxatdan o‘tgan ekan. Sizlar gaplashgan savdo xodimlari o‘zlarini tadbirkor,  deb atashgan. Shu o‘rinda aytishim joizki, aslida pul berish tartibi aybdor aniqlangach,  moddiy zararlarni qoplash choralari belgilanadi. Lekin bu bino xususiy tadbirkorga tegishli. Shunga qaramasdan, «Sahovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan faqatgina ro‘yxatda mavjud tadbirkorlargagina emas, balki «Mening mulkim yonib ketdi» deya davlat idorasiga umid bilan kelgan barcha tadbirkor, savdo xodimi va ijara asosidagi sotuvchilarga imkon darajada ko‘maklashdik.  Shuningdek, ularga joriy yilning 6 yanvariga qadar soliq to‘lmasliklarini ham bildirgan edik, — deya hokim so‘zida davom etadi,- Bu yong‘in ko‘p tadbirkorlarimizga juda yomon oqibat olib keldi. Tushunamiz. O‘rganuvlar jarayonida yong‘in sodir bo‘lganda, uni o‘chiradigan ikkita suv dvigateli bo‘lishi kerak edi. Lekin bitta suv dvigateli borligi aniqlandi. Buyam yong‘inning avj olib ketishiga turtki bo‘lmay qo‘ymaydi. Ayni paytda holat yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda».

Viloyat IIB axborot izmati rahbari Shuhrat Jalolovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.   
Yong‘inning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida Xadicha Sulaymonova nomidagi RSEMga «Sudga oid komission yong‘in-texnikaviy» ekspertizasi va «Sudga oid kimyoviy» ekspertizalar tayinlangan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring