Germaniya TIV xalqaro huquqni isloh qilishga chaqirdi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bosqinchilik urushini boshlagan shaxslar muqarrar javobgarlikka tortilishi uchun xalqaro huquqni isloh etishni taklif qildi.
«Chorak asr avval uzoq va mashaqqatli muzokaralardan keyin amalga tatbiq etilgan Rim statuti ko‘p asrlik «qonunga asoslangan dunyo» g‘oyasini ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ldi. Dunyo hamjamiyatining poydevori sanalgan xalqaro huquq tizimida Xalqaro jinoiy sud deb nomlangan muassasa paydo bo‘ldi. Nihoyat, davlatlar xalqaro hamjamiyat taqdiriga daxldor eng og‘ir jinoyatlar jazosiz qolmasligini tushunib yetdi», – deydi Germaniya vaziri Xalqaro jinoiy sudning 25 yilligi munosabati bilan bergan bayonotida.
Annalena Berbok Xalqaro jinoiy sud jinoyatchilarga qarshi o‘tkir qilichga aylanganini qayd etar ekan, ayni choqda, agressorlarni jazolash uchun to‘siqlar mavjudligini ta’kidlagan.
«XXI asrda hech kim bosqinchilik urushi olib borishi va buning uchun jazosiz qolishi mumkin emas. Shu bois ham biz hamkorlarimiz bilan birgalikda XXI asr voqeligiga javob bermog‘i uchun xalqaro huquqni takomillashtirish tarafdorimiz», – deydi siyosatchi.
A.Berbok, xususan, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan.
1998 yil 17 iyulda qabul qilingan va 2002 yil 1 iyuldan kuchga kirgan Rim statutiga asosan Xalqaro jinoiy sud genotsid, agressiya, insoniyatga qarshi hamda harbiy jinoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Xalqaro mahkama aybdorlarni jazoga tortishi uchun mamlakat Rim statutiga rasman qo‘shilgan bo‘lishi kerak. Bu esa amalda zikr etilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazolashni qiyinlashtiradi. Shunga muvofiq, rasmiy Berlin Rim statutiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, agressiya jinoyatini sodir etgan shaxslar cheklovsiz ta’qib etilishi kerak.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Rim statuti qabul qilinganing 25 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida ham BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi bo‘lgan Rossiya imperiyachilik da’vosi bilan qo‘shni Ukrainaga bostirib kirganiga e’tibor qaratgan.
Olmon bosh diplomati fikricha, xalqaro hamjamiyat ushbu urushni boshlagan shaxsni qonuniy jazoga tortish uchun faol harakat qilishi kerak. Aks holda, jazosizlik sabab dunyoga tahlika va qo‘rquv muhiti yana qaytadi.
Rus qo‘shini 2022 yil 24 fevral kuni Ukraina hududiga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Kiyev so‘roviga ko‘ra Rossiya mansabdor shaxslariga nisbatan ehtimoliy og‘ir jinoyatlar yuzasidan surishtiruv-tergov boshlagan.
Joriy yil 17 mart kuni esa xalqaro mahkama Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Ushbu qaror rus armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi va uning oqibatida Ukrainadan bolalarning Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishi bilan izohlangan.
Rim statutini imzolagan 123 davlat xalqaro mahkama hujjatini bajarishga majbur. Ular orasida Yevropa, Janubiy Amerika davlatlari, shuningdek, Tojikiston hamda Afg‘oniston bor. AQSh va Rossiya bu hujjatga qo‘shilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter