Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya ko‘magida iqlim o‘zgarishlariga doir yirik loyiha amalga oshirila boshladi

Germaniya ko‘magida iqlim o‘zgarishlariga doir yirik loyiha amalga oshirila boshladi

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

O‘zbekistonda Germaniya ko‘magida iqlim o‘zgarishi sohasida yangi mintaqaviy loyiha amalga oshirila boshladi. Shu munosabat bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida bitim imzolandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi xavflarini boshqarish loyihasi 2022-2026 yillarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 10 million yevrolik loyiha Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.

Loyiha ekologiya qo‘mitasi hamda iqlim o‘zgarishi sohasidagi davlat idoralari mutaxassislari uchun kadrlar salohiyatini institutsional rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqlim muammolari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Ayni paytda «yashil» iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish O‘zbekiston uchun ham ustuvor maqsadlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada esa iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, uglevodorodlardan foydalanishni qisqartirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish talab etiladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, yangi loyiha Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining «Yashil Markaziy Osiyo» mintaqaviy dasturi doirasida ishlab chiqilgan.

Keyingi yillarda butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishlari xatari tobora kuchayib bormoqda. Bu esa tashqi siyosat borasida ham yondashuvlarni o‘zgartirish, birgalikda siyosiy yechim izlashni kun tartibiga chiqarmoqda. Rasmiy Berlin Markaziy Osiyo bilan boshqa sohalar qatori transchegaraviy suvlarni boshqarish, iqlim o‘zgarishlari xatarini kamaytirish, atrof-muhim muhofazasi yo‘nalishlarida ham hamkorlikni faollashtirmoqda. Jumladan, Germaniya tashqi ishlar vazirligi shafeligida amalga tatbiq etilayotgan «Yashil Markaziy Osiyo» loyihasi iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, mintaqaviy muloqotni faollashtirishga qaratilgan.

2020 yil yanvar oyida «Yashil Markaziy Osiyo» doirasida Berlin shahrida mintaqa vazirlari ishtirokida ta’sis anjumani o‘tkazilgan. Unda tomonlar iqlim, atrof-muhit va suv manbalari barqarorligi bo‘yicha siyosiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Orol dengizi hududida iqtisodiy va ekologik taraqqiyotga doir loyihani ham amalga tatbiq etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring