Germaniya kansleri uch asrda ham eskirmagan ilmiy ta’limot haqida gapirdi
22 aprel kuni dunyo ilm-fanida o‘chmas iz qoldirgan atoqli olmon faylasufi Immanuil Kant (1724–1804) tavalludiga 300 yil to‘ldi. Berlin shahrida ushbu yirik sana munosabati bilan tashkil etilgan tantanali anjumanda Germaniya kansleri Olaf Shols ma’ruza qildi.
Olmon hukumati rahbari Immanuil Kantni G‘arb falsafasining yetuk namoyandalaridan biri deb atadi. Qayd etilishicha, ulug‘ mutafakkir o‘z ta’limoti orqali ilm-fanning muhim jumboqlariga javob beribgina qolmay, insoniyatning azaliy muammolari – urush va tinchlik borasida ham mushohadalari bilan o‘rtoqlashgan.
Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga bosqini dolzarb muammo bo‘lib turgan bir paytda faylasufning bu boradagi qarashlari ahamiyati yana ortmoqda. «Hujumga uchragan tomon himoyalanishga haqli», deydi Kant. «Shunchaki otashkesim va jangovar harakatlarga tanaffus e’lon qilish bilan chinakam tinchlikka erishib bo‘lmaydi», deydi mutafakkir yana boshqa bir o‘rinda.
Shu kabi fikrlarni yodga olgan Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Kantdan iqtibos keltirishga haqi yo‘qligini ta’kidladi.
Gap shundaki, Putin Ukrainaga tajovuzni oqlash uchun Kant fikrlarini dastak sifatida keltirgan edi.
Shols olmon faylasufi ta’limotidan propaganda maqsadida foydalanayotgan Rossiya rahbariyatini tanqid qilar ekan, bir davlatning boshqa davlatga bosqini Kant ta’limotiga butkul zid ekaniga e’tibor qaratgan.
Immanuil Kant 1724 yil 22 aprel kuni Sharqiy Prussiyaning Kyonigsberg shahrida tug‘ilgan. U ma’rifatparvarlik davrining buyuk mutafakkirlaridan biriga aylandi. Olim “Osmonning umumiy tabiiy tarixi va nazariyasi” (1755), “Axloq metafizikasi asoslari” (1775), “Sof aqlni tanqid” (1781), “Amaliy aqlni tanqid”(1788), “Muhokama qobiliyatini tanqid”(1790), “Inson tabiatidagi azaliy yomonlik” (1792) kabi asarlari bilan falsafa, axloq va metafizikaga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. 1804 yil 12 fevralda aynan Kyonigsberg shahrida vafot etgan Kant o‘zidan boy ilmiy meros qoldirdi. Olimning asarlari bugunga qadar ilmiy ahamiyatini yo‘qotmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter