Germaniya ilm uchun 75,2 milliard yevro sarfladi
2021-yilda Germaniyada ilmiy taqdiqotlar va izlanishlar uchun 75,2 milliard yevro mablag‘ sarflandi, deb xabar berdi dpa axborot agentligi. Ta’kidlash joizki, bu dunyodagi o‘nlab mamlakatlarning yillik YaIMdan ham yuqori ko‘rsatkichdir.
An’anaga ko‘ra, Stifterverband markazi Germaniya ta’lim va ilmiy tadqiqotlar federal vazirligi buyurtmasiga binoan davlat va xususiy sektorda ilmiy izlanishlar, innovatsiyalar sohasida sarflangan xarajatlarni o‘rganib chiqqan. Tahlillar jarayonida 2021 yilda 2020 yilga qaraganda ilmiy izlanishlar uchun 5,9 foiz ko‘proq mablag‘ sarflangani aniqlangan. Xususan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sektorida sarmoya miqdori keskin o‘sgan.
«Barcha sektorlarda tadqiqot va izlanishlar uchun mablag‘ miqdori oshgani – yaxshi yangilik. Ammo bu biz uchun qoniqarli natija emas. Hozirgi murakkab davrda ilm-fanga moliyaviy ko‘makni yanada oshirish maqsadga muvofiqdir. Negaki, tadqiqot va izlanishlarga mablag‘ning oshirilishi kelajakka sarmoya bo‘lib qolmay, bugungi va ertangi inqirozlarni hal etishga ham xizmat qiladi», – deydi Germaniya ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Bettina Shtark-Vatsinger.
Federal hukumat 2025 yilga borib YaIMning 3,5 foizini ilmiy izlanishlar sohasiga ajratishni maqsad qilgan. Ma’lumot o‘rnida: Jahon banki hisob-kitobiga qaraganda, Germaniyaning YaIM 2021 yilda 4 trillion 223 milliard dollarni ko‘proqni tashkil qilgan.
Germaniya ilm-fanga ajratilayotgan mablag‘ va e’tibor bo‘yicha dunyodagi peshqadam davlatlardan sanaladi. Mamlakat bo‘yicha ilm-fan va innovatsiya tizimida 530 mingdan ziyod olim va tadqiqotchi faoliyat yuritadi. Ularning 300 mingdan oshig‘i oliy ta’lim muassasalarining professor va ilmiy xodimlari hisoblanadi.
Olmon o‘lkasida oliy ta’lim muassasalaridan tashqari yirik shirkatlar, ishlab chiqarish korxonalari ham o‘z tadqiqot markazlari va laboratoriyalariga ega. Ya’ni ilm-fan hamda sanoat, ishlab chiqarish o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatilgan. Masalan, 2018 yilda BMW, Daimler, Volkswagen, Audi, Bosch, Schaeffler, Siemens, Bosch kabi yirik shirkatlar ilmiy tadqiqotlar uchun 72 milliard yevro mablag‘ sarflagan.
Ilm-fan uchun mablag‘ning ayalmasligi o‘z mevasini bermoqda. Germaniya 2020 yilda Jahon iqtisodiy forumi hamda Bloomberg reytinglarida birinchi o‘rinni egallab, dunyoning eng innovatsion davlati deb topilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter