Gavayilik qahramon AQShni o‘zgartirmoqchi. Prezidentlik poygasiga yana bir xonim qo‘shildi
Shu yil 11-yanvarda AQShdagi prezidentlik saylovining partiya ichida kechadigan dastlabki bosqichiga Gavayi shtatidan 37 yoshli Tulsi Gabbard ham qo‘shildi. U mamlakatda gavayilik qahramon sifatida nom qozongan.
Iroq urushidagi qaynoq nuqtalardan Kuvayt milliy gvardiyasi bosh murabbiyligigacha
U 1981-yil 12-aprelda Amerika Samoasida tavallud topgan. Otasi – biznesmen va siyosatchi, shtat senatori Mayk Gabbard edi. Hozirda vatanparvarlik targ‘iboti hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan nodavlat tashkilotlariga rahbarlik qilmoqda.
Onasi – uzoq yillar davlat mulozimi va keyinchalik hinduizm dini targ‘ibotchilaridan biri Kerol Gabbarddir.
Tulsi oilada 5 farzandning to‘rtinchisi edi. U 2 yoshga to‘lganida butun oilasi Gavayiga ko‘chib o‘tishadi. Gavayi Tinch okeani universitetida biznes bo‘yicha tahsil oldi. 2002-2004-yillarda Gavayi shtati vakillar palatasi a’zosi va shu tariqa 21 yoshida AQSh tarixida eng yosh deputat sifatida tarixga kirdi.
2003-2010-yillarda AQSh milliy gvardiyasi tarkibida ko‘ngilli bo‘lib harbiy xizmatga otlandi.
2004-yilda Iroq urushida eng qaynoq nuqtalarda bo‘lib, tibbiyot polkida yaradorlarga yordam ko‘rsatdi.
2007-yili Alabama harbiy akademiyasining zobitlik maktabini AQSh ayollari orasida birinchi bo‘lib, eng yaxshi natija bilan yakunladi.
Shundan keyin Gavayi armiyasi milliy gvardiyasi 29-maxsus xizmat brigadasida xizmatini davom ettirdi. O‘z vzvodi bilan 2009-yilda Yaqin Sharqqa keldi va Kuvayt milliy gvardiyasi bosh murabbiyi bo‘lib ishladi. 2010-yilda rota komandiri sifatida mayor harbiy unvoniga ega bo‘ldi.
2010-yili Gonolulu shahar kengashi saylovlarida 6-okrugdan g‘alaba qozondi. 2013-yil 3-yanvardan Gavayi okrugidan AQSh Vakillar palatasi a’zosi. Hinduilik (gaudiya-vayshnavizm ta’limoti) e’tiqodiga amal qiladigan ilk kongress a’zosi sifatida ham tarix solnomalaridan joy oldi.
Saylovoldi kampaniyasi chog‘ida uni shaxsan prezident Barak Obama qo‘llab-quvvatladi. U o‘z qasamyodini Bxagavadgitaga qildi. Ushbu kitob nusxasini Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining AQShga tashrifi chog‘ida unga esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etdi.
Demokratik partiya safida ham shaxsiy pozitsiyasini mustahkamlab bordi. 2013-2016-yillarda Demokratik partiya milliy qo‘mitasi, ya’ni siyosiy kuchning mashinasida vitse-rais bo‘ldi. 2016-yil noyabrda navbatdagi muddatga saylandi.
Mavzuga oid: Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi
U Gavayi shtati kongressida ta’lim, turizm va iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha qo‘mitada samarali xizmat qilgan bo‘lsa, AQSh Vakillar palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasida qizg‘in faoliyat ko‘rsatmoqda. 2016-yildagi prezidentlik saylovlarida Berni Sandersni qo‘llab-quvvatlagan.
Tug‘ilganidan buyon vegetarian. Maxatma Gandi hayotini o‘zining oliy ideali deb biladi. Birinchi turmushidan 2012-yilda ajrashgan va ikkinchi turmush o‘rtog‘i Abraxam Villiams bilan 4 yildan buyon birga yashaydi.
Abortlar tarafdori va urushlarga qarshi
Xodim amaldagi prezidentni keskin tanqid qilib chiqayotganlar safini kuchaytirmoqda. U bir necha milliard dollarga tushayotgan Meksika bilan AQSh o‘rtasidagi chegara qurilishiga qarshidir. Homiladorlikning 20 kunidan keyin abortlarga qo‘yilgan taqiqlarni ham inson huquqlarining qo‘pol buzilishi deb hisoblaydi. Tinch okeani sherikligi kelishuviga ham qarshi bo‘lmoqda.
Ming afsuski, u bir paytlar o‘z siyosiy faoliyatini boshlagan yillari o‘zi nafratlangan bir jinsli nikohning endilikda tarafdori bo‘lmoqda.
Uni boshqalardan ajratib turuvchi qirrasi — AQShning mustaqil davlatlar ishiga har qanday harbiy aralashuviga qarshiligidir. Ayniqsa, Iroq, Liviya va Suriyadagi bosqinlarni qattiq tanqid qiladi. Iroqqa qo‘shin olib kirilishi katta xato bo‘lgan edi, deb ta’kidlashdan charchamaydi. U Oq uydan Afg‘onistondan tezlik bilan qo‘shinlarni olib chiqib ketishni talab qilib keladi.
Gabbard sobiq prezident Barak Obamaning Suriya va Liviyadagi bilvosita harbiy harakatlarini tanqid qilgan va immigratsiya masalasi bo‘yicha qat’iy mavqeini egallagan edi.
Suriyaning qonuniy hukumatini ag‘darish maqsadida qilingan noqonuniy urush milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid soldi, AQShning xalqaro obro‘sini to‘kdi va iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazdi, deb hisoblaydi. Shu sababli u AQShning Suriyadagi harbiy aralashuvlarini to‘liq to‘xtatib qo‘yishga qaratilgan qonun loyihasini ham ilgari surgan.
2017-yilda Suriyaga yashirin ravishda uchib borib, prezident Bashar Asad bilan yuzma-yuz uchrashgani va u bilan iliq muloqot qurgani butun Amerikani hayrat solgan va uning boshiga tanqidlar yomg‘iri boshlangan edi.
«Biz nega yo‘q joydan dushman yasayapmiz. Na Suriya va na uning prezidenti AQSh uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sola olmaydi. Shu sababli, Asad AQShning dushmani bo‘lishi mumkin emas. Siyosatchilarimiz uchun Suriya aholisining qanday fikrda ekanligi zarracha ahamiyatsiz. Bu esa bizni ulardan uzoqlashtiradi. 2001 yilda bizga terrorchilar hujum qilgan edi. Ammo Suriyada ularni Rossiya yo‘q qilmoqda. Mantiq qani?», deya kuyunib intervyu bergan edi «MSNBC» telekanaliga.
Tramp ham prezidentlik saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Suriyadagi urush va terrorizm bilan kurash masalasida xonim bilan alohida maslahatlashuv o‘tkazgan edi. O‘sha kuni Tramp jamoasi Gabbard xonim nomzodini kelgusida davlat kotibi, mudofaa vaziri yoki AQShning BMTdagi doimiy vakilligiga ko‘rilayotgani haqida e’lon qilgan edi.
Bundan tashqari, Obamaning Eron bilan iqtisodiy sanksiyalarni yengillashtirish bo‘yicha imzolagan ko‘p tomonlama shartnomasi o‘z kuchida qolishi tarafdori bo‘lib kelmoqda.
Mavzuga oid: «Eng jozibali prokuror» endi prezidentlikka da’vogar
2016-yil dekabrda qurolli terrorchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun budjet mablag‘larining sarflanishini taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqqan va taqdim etgan edi.
Ushbu qonun AQSh hukumati tashkilotlariga ekstremistik guruhlarni har qanday shaklda qo‘llab-quvvatlashni taqiqlab qo‘yadi, terrorizmni moliyalashtirayotgan uchinchi davlatlarga ham iqtisodiy yordam ko‘rsatishni man qiladi.
U O‘rta va yaqin masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha shartnomaga rioya qilish bo‘yicha ham qonun loyihasini kongress quyi palatasiga kiritgan. Hujjat AQSh hukumatiga qurollanish poygasiga kirishmaslik va soliq to‘lovchilarning mablag‘larini raketalar ishlab chiqarishga sarflamaslik majburiyatini yuklaydi.
«Yadro fojeasi xavfi hozir shu qadar kattaki, tarixda bunaqasi bo‘lmagan. Trampning shartnomadan chiqishi bo‘yicha mas’uliyatsiz qarori bu xavfni yanada oshiradi, yangi sovuq urush olovini yoqadi, qurollanish poygasining yangi davrini boshlab beradi, bizni yadro fojeasiga tobora yaqinlashtiradi. Shartnomadan chiqish o‘rniga biz uni kengaytirish ustida ishlashishimiz kerak», deydi Gabbard xonim matbuot anjumanida.
Ichki siyosatda no‘noqlikda ayblanmoqda
U asosan tashqi siyosat bobida Trampni tanqid qilishni kuchaytirmoqda: «Tramp janoblari o‘zining saylovoldi kampaniyasida boshqa davlat hukumatlarini o‘zgartirishga qaratilgan urushlarga qarshi ekanligini aytgan edi. Endi esa atrofini o‘rab turgan yangi konvervatorlar istagini ijro etmoqda. Bu gal Venesuela va Eronda tuzumlarni ag‘darish tarafdori bo‘layapti. Bu ishlar uchun har birdollar o‘z cho‘ntagimizdan ketmoqda. Biz esa ushbu mablag‘larni haqiqiy ehtiyojmand aholiga sarflashimiz kerak edi».
2018 yil yanvarda Gavayi oroliga yadro raketasi yaqinlashayotgani haqidagi tashvishli xabar mahalliy aholini vahimaga solib qo‘ydi. Bu qo‘rqinchli soatlarni eslar ekan, «Qudratli siyosatchilar urush do‘mbirasini chalayotganida, AQSh Rossiya va Xitoy kabi yadro quroliga ega davlatlar bilan taranglikni kuchaytirayotganida, aynan biz urushning eng oldingi qatorida bo‘lamiz. Chunki biz yadro urushi chegarasida yashaymiz», deya o‘z xavotirini ochiq bildirgan edi.
O‘shanda Shimoliy Koreya bilan AQSh o‘rtasidagi taranglik juda kuchaygan bir payt edi. Gavayi favqulodda vaziyatlar menejmenti agentligi erta tongda «tashvish qo‘ng‘irog‘i»ni bergan, biroq 38 daqiqadan keyin bu xabar yolg‘on ekanligi sababli bekor qilingan edi.
Ammo mahalliy aholi juda qattiq qo‘rquv va vahimaga ostiga tushib qolgan bu kabi xatoni boshqa qaytarmaslikni ham shtat, ham federal hukumatdan talab qilgan edi.
Ayrim ekspertlar «uning qurolsizlanish bo‘yicha qonun loyihalari hech qanday ta’sir kuchiga ega bo‘lmagan siyosiy piar», deb atashmoqda. Chunki siyosiy ustqurma o‘z qarorini allaqachon qabul qilib bo‘lgan, loyihalarni esa qonun chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlamaydi.
Boz ustiga ommaviy axborot vositalari Tulsi Gabbardni rasmiy Moskva bilan yashirin aloqasi bor, degan taxminda. Saytlarni va ijtimoiy tarmoqlarni o‘rganuvchi ekspertlar Rossiya OAVda boshqa nomzodlarga nisbatan aynan Tulsi Gabbard haqida ko‘proq materiallar chiqarilayotgani, uning ijobiy qiyofasi yaratilayotgani haqida o‘z baholarini berishdi.
Xonimning o‘zi esa buni rad qildi. Jurnalistlarning Rossiya prezidenti Putinni AQSh uchun tahdid soladimi, degan savoliga «ha», deb javob qaytardi.
Eng kuchlilar oxirida chiqadi
Prezidentlik poygasi og‘ir atletikachilarning kurashiga o‘xshaydi. Eng kuchlilar oxirida chiqadi. Hali ikki bor prezidentlik saylovlarida qatnashib, tajriba orttirgan Jo Bayden, senator Berni Sanders o‘z nomzodini e’lon qilmadi.
Uni Trampning sobiq bosh strategi Stiv Bennon tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ham aytilmoqda. Avvalgi safar Tramp bilan shaxsiy uchrashuvni aynan Bennon uyushtirgan edi. Bu gal ham Trampga qarshi tura olmasligi, Tramp unga birorta vazirlikni taklif qilishga rozi bo‘lishi mumkin ekan.
Garchi yosh xonimning g‘olib chiqish imkoniyati kamroq, deb qaralayotgan bo‘lsa-da, lekin mustaqil qarashlari va o‘z fikrini asosli isbotlay olish mahorati bilan mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
Boshqa nomzodlardan farqli ravishda u demokratlarni ham, respublikachilarni ham qaqshatqich tanqid qilmoqda. U milliy ozchilik vakili va buning ustiga nomzodlar orasida eng go‘zali hamdir.
Shu bilan birga an’anaviy siyosiy elitaning fikrlaridan butunlay ajralib turuvchi yangicha qarashga ega. Bu esa kutilmagan sovg‘a bo‘lishi mumkin.
Ammo siyosatchilarning yuzsizligi va ikki tomonlama o‘yinlarni, harbiy qudratga tayangan Amerikani bu qadar fosh qilish uning imkoniyatlarini cheklab ham qo‘yishi mumkin. Chunki harbiy lobbi AQSh boshqaruvida shu qadar katta kuchga egaki, ular bilan hisoblashmaslik mumkin emas.
Uning saylovoldi shtabiga maslahatchisi, 2016-yilda Berni Sanders shtabi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Raniya Betrays rahbarlik qiladi.
Jon Kennedi 43 yoshida AQSh prezidenti etib saylanganda eng yosh davlat rahbari bo‘lgan edi.
Agar Gabbard xonim saylansa, AQSh tarixidagi eng yosh va ilk ayol prezident bo‘ladi.
Shu bilan birga butun insoniyat istaydigan tinchlik bobida dunyo tarixida butunlay yangi bosqich boshlanishi, shubhasiz.
Gavayi – Obama tug‘ilgan yurt
Tinch okeanida joylashgan Gavayi shtatining poytaxti Gonolulu shahridir. 28 ming kvadrat kilometr maydonga ega va 1,5 million aholisi bor. U 1959-yilda AQShning 50-shtati bo‘lib kirgan va qit’a qirg‘oqlaridan 3700 kilometr olisda joylashgan.
Yillik o‘rtacha harorat +18-25 bo‘lib, AQShdagi hayot eng qimmat go‘sha sanaladi. Toza suv va musaffo havo, yumshoq iqlimi, tadbirkorlarning ro‘yxatdan o‘tish tizimi yengilligi sababli bu yerda butun dunyoda millionlab sayyohlar va ishbilarmonlar kelishadi.
Ko‘plab kurortlarga ega. Ammo okeandan yopirilib keladigan kuchli dovullar, doimiy yer silkinishlari, vulqon otilishlari iqtisodiyotiga katta zarar keltiradi.
Osiyoliklar aholining 40 foizini, amerikaliklar 25 foizini, metislar 15 foizini, gavayiliklar 10 foizini tashkil qiladi. Sobiq Ittifoqdan borib qolgan bir necha ming kishi, jumladan o‘zbekistonliklar ham yashaydi. Asosan xristianlik (30 foiz) va buddizm (10 foiz) diniga e’tiqod qilinadi.
Bu yerda mashhur Pyorl Xarbor bandargohi bo‘lib, AQSh harbiy dengiz kuchlari bazasi joylashgan.
Gonoluluda AQShning 44-prezidenti Barak Obama tug‘ilgan.
AQShning boshqa shtatlaridan farqli ravishda bu yerda qurol-yaroqdan erkin foydalanish mumkin emas. Jinoyatchilik darajasi nihoyatda past. Shu sababli bo‘lsa kerak Gabbard xonimning siyosiy va hayotiy qarashlari o‘z xalqining gumanizm tabiatiga mosdir.
Gabbard okean bag‘ridagi maskanda ulg‘aygani bois suvda o‘zini erkin his qiladi. Syorfing sporti uning joni dilidir.
L.Hasan o‘g‘li
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter