Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«G‘aniyev nutqi» bo‘yicha musulmonlar idorasi bayonot berdi

«G‘aniyev nutqi» bo‘yicha musulmonlar idorasi bayonot berdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi saytida «O‘zbekistonda masjidlar ochiladi, yopilmaydi» sarlavhali bayonot joylashtirildi. Mazkur bayonot, unda ochiq aytilmagan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, bugun mamlakat Senatida muhokama etilgan «nutqi» sabab berilganini ilg‘ash qiyin emas.

Hokim katta shov-shuvga sabab bo‘layotgan gaplarida din xodimlarini qamash bo‘yicha ochiqdan-ochiq ko‘rsatma bergan edi: «...Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidi shu tuman hokimlari shu masjidlarning imomi, noibi, mutavallisi, balosimi-battari hammasini haydavor”. «...Hozir Nuqronning ham o‘sha imomini olib borib qamaysan, Farg‘ona tumani Damko‘lning imomini ham olib borib qamaysan ey, ikkala hokim. O‘zing borib qamatasan hozir. Eshitdingmi, ey gapimni Farg‘ona tumani hokimi?”.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bayonotida shunday deyiladi:

«Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan hozirgi asrda bir insonning qarashlari jamiyatning boshqa a’zolariga va hattoki, butun jamiyatga katta ta’sir etmoqda. Avvalo shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’i nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.

Diniy ta’limot o‘ta nozik va xassos bo‘lgani tufayli yurtimiz hududida diniy qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi masjidlar yopilar ekan, ayrim imomlar ishdan bo‘shar ekan, degan mazmundagi xabarlar keng tarqaldi. Biz ushbu xabarlarda nima deyilgani, qanday fikrlar bayon etilgani to‘g‘risida to‘xtalmoqchi emasmiz. Balki muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida oxirgi uch yilda masjidlarni obod etish, fuqarolarimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi jomelarni ochish borasida qilingan ishlarni muxtasar aytib o‘tmoqchimiz, xolos. So‘nggi yillarda respublikamizda 24 ta yangi masjid ochildi. Ular qatorida namozxonlarga tuhfa etilgan Qoraqalpog‘istondagi «Imom Eshon Muhammad», Toshkent shahridagi «Suzuk ota», «Imom at-Termiziy», «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf», Surxondaryo viloyatidagi «Hakim Termiziy», Xorazm viloyatidagi «Oxun bobo» va Farg‘ona viloyatidagi «Chiligijiyda» kabi masjidlarni alohida ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, o‘lkamizda 106 ta masjid to‘liq yangitdan qurildi, 231 ta masjid kapital ta’mirdan chiqarildi. Bunday ulug‘vor ishlar diyorimizda shiddat bilan davom etmoqda.

Yana bir jihat, aslida masjidlarni yopish masalasi qandaydir mansabdor shaxsning vakolatiga kirmaydi, balki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 409-son qarori asosida ijro qilinadi. Shuningdek, masjid imom-xatibini ishga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalasi ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.

Demak, huquqiy tamoyillarni inkor etish, O‘zbekiston aholisining haq-huquqlari, diniy qadriyatlari va ehtiyojlariga hurmatsizlik ko‘rsatishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Islom shiorlari, imom-domlalar va masjidlarga nisbatan bildirilgan har qanday nomaqbul fikrlarga nisbatan doimo murosasizdir».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring