Qashqadaryoda ushlanganlar orasida imom noibi ham bo‘lgani inkor qilindi
DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Jihodchilar» oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh aniqlangani, ular orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, masjid imom noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar borligi aytilgandi.
Musulmonlar idorasi bunga munosabat bildirib, imom noibi deb aytilgan shaxs aslida boshqa kasb egasi ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mutasaddi idoralar bilan olib borgan muloqotlar natijasida ushbu xabarda guruh a’zolari qatorida keltirilgan masjid imom noibi aslida boshqa kasb egasi ekani aniqlandi.
«Ta’kidlash joizki, bugungi murakkab davrda hushyorlik va ogohlik har qachongidan ham dolzarb vazifa ekanini teran anglagan imom-xatiblar, imom noiblari va diniy soha xodimlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etmoqda.
O‘z navbatida, yolg‘on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi, shuningdek, Islom dini ta’limotlarida qattiq qoralanganini alohida ta’kidlaymiz.
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali din niqobidagi shaxslarni jihod, hijrat tushunchalarini o‘zlarining botil da’volariga moslab talqin etayotgan da’vatlardan ogoh bo‘lishga chaqiramiz», — deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter