FVV Sergelidagi yong‘in ko‘lami va jalb qilingan kuch miqdorini ochiqladi
Bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani «Quruvchi» MFY Xonobod ko‘chasida joylashgan «Inter Logistics» MChJga qarashli omborxonalar hududida portlash oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi.
FVV bergan qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, yong‘in soat 10:47 da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in joyiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘i A.Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlarning rahbarlari chiqqan.
Voqea joyida tegishli tashkilot va xizmatlar hamkorligida tezkor Shtab tashkil etilgan.
«Yong‘inni bartaraf etish ishlariga FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilindi. Dastlabki o‘rganish ishlariga ko‘ra 15 ming kv.m omborxona maydonida yong‘in o‘chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi», deyiladi xabarda.
Sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari Toshkent shahar Prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etgani aytilgandi. Xususan, portlash yaqinidagi ko‘p kvartirali uylarning birida bo‘lgan 2006 yilda tug‘ilgan 1 nafar o‘smir voqea joyida halok bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter