Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sel kelgan vaqtda qilish lozim bo‘lgan o‘n muhim qoida

Sel kelgan vaqtda qilish lozim bo‘lgan o‘n muhim qoida

Foto: Xabar.uz

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mavlon Yunusov sel va suv toshqini bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Sel oqimlari 85 foiz holatda jala yog‘ishi, 4 foiz holatda tog‘ qorlarining erishi, 1,3 foiz holatda tog‘ suv havzalari, suv omborlari, muzlagan suv havzalarining o‘pirilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin.

Sel xavfi mavjud hudularda aholiga quyidagilar tavsiya etiladi:

1. Toshqin, sel va ko‘chki xavfi mavjud xududlarda yashaydigan fuqarolarimiz Uzgidromet, Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati, FVV va mahalliy xokimliklar vakillari orqali o‘zi yashaydigan uyning sel kelish, toshqin va ko‘chki xavfi mavjud hududda ekanligi bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lishi hamda ularning tavsiyalariga qat’iy amal qilishi lozim.

2. Toshqin, sel va ko‘chki xavfi insonlarning hayoti, sog‘ligi va moddiy boyliklarga xavf tug‘dirishini doim yodda tutish kerak.

3. Sel oqimlarida hududida faqat qochib qutilish mumkin, sel oqimi juda tez shakllanishi sababli, turli balandliklar, tepaliklar yoki daraxtlarga chiqib saqlanish mumkin. Uning davomiyligi 3-5 soatgacha yetishi mumkin.

4. Adirliklar, tog‘ yon bag‘irlarini o‘zboshimchalik bilan yerlarni o‘zlashtirishmaslik, u yerlarda agrotexnik tadbirlar qoidalarini buzmaslik lozim.

5. Sel omborlari, sel yo‘llari va ko‘chki xavfli hudularda uy-joy va boshqa ob’yektlarni qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

6. Hududlarda irigatsiya tizimlari ob’yektlari, sel omborlari va boshqa suv tizimi ob’yektlaridan qonunga xilof ravishda suv olish yoki boshqa maqsadlarda dambalariga zarar yetkazmaslik lozim.

7. Sel xavfi e’lon qilinganda imkon boricha mazkur hududlarga dam olish va boshqa maqsadlarda xarakatlanmaslik.

8. Aholi xonadonlari va uylarida mavjud suv o‘tkazgichlarni doimo tozalab, shay holatda saqlanishiga e’tibor qaratish.

9. Sel oqimlari yo‘lida o‘zboshimchalik bilan daraxtzorlar tashkil etmaslik.

10. Sel xavf mavjud xududlarda bolalar va qariyalarni qarovsiz qoldirmaslik maqsadga muvofiqdir.

Gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va jamoatchilik vakillaridan iborat 152 ta nazorat-kuzatuv postlari negizida qo‘shimcha shtablar o‘z ishlarini davom ettirmoqda.

Ularning tarkibidagi hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalaridan 300 nafar, Ichki ishlar boshqarmalaridan 113 nafar, shuningdek Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati, Gidrometeorologiya xizmati markazining mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillarining tunu-kun navbatchiligi olib borilmoqda.

Toshqin suvlari, sel oqimlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq xavflar yuzaga kelganda respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan tezkor shtablarga 101, 1050 telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring