FVV aholiga murojaat qildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga murojaat qildi.
«Aziz fuqarolar! Tabiiyki, havo haroratining pasayib, kunlar sovishi natijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi. Ulardan foydalanishda e’tiborsizlik tufayli yoki nosoz, nostandart isitish moslamalarini ishlatish natijasida is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yong‘inlar sodir bo‘lishi mumkin.
Bunday holatlarga tushmaslik uchun uy-joy sektorlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’yektlaridagi gaz, elektr va boshqa yoqilg‘ida ishlovchi isitish moslamalarini soz hamda shay holatga keltirish choralarini mavsum boshlanishidan avval amalga oshirish zarur. Aks holda isitish moslamalari bilan bog‘liq turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Mamlakatimizda mavsum davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish lozimligi munosabati bilan Sizlardan qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:
- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;
- elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
- isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va ular dudburonlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini ko‘zdan kechiring va dudburon orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qarating;
- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
- nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmang, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasidan foydalaning;
- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
- gaz ta’minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil eting;
- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e’tibor bering.
Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda «104» raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining «101» yoki «1050» telefon raqamiga xabar bering.
Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni turli baxtsiz hodisalar va yong‘indan asrab qolgan bo‘lasiz», deyiladi marojaatnomada.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter