Fuqaroni sarson qilgan va qo‘rqitgan notarius ishdan olindi

Toshkent shahridagi Olmazor tuman 7-son davlat notarial idorasi notariusi A.Quvondiqova sansalorlikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda «Inson va qonun» gazetasi xabar berdi.
Maqolada notarius fuqaroning huquq va manfaatlarini amalga oshirishda beg‘araz ko‘mak ko‘rsatish, unga huquq va majburiyatlarini tushuntirish, ular bilan qo‘pol muomalada bo‘lmaslikni unutgani sabab ishdan olingani yozilgan.
Mazkur davlat notarial idorasiga kvartira hadya shartnomasini tasdiqlash masalasida murojaat qilgan S.Amanova zarur hujjatlarni taqdim etganiga qaramasdan, notarius tomonidan hadya qiluvchining umumiy mulkiga nisbatan sud orqali vafot etgan turmush o‘rtog‘ining ham ulushi belgilab berilishi lozimligi to‘g‘risida noto‘g‘ri talab qo‘yilgan.
Ushbu holat bo‘yicha Adliya vazirligining mas’ul xodimlari tomonidan notariusga masalani sudga murojaat qilmasdan hal etish yo‘llari tushuntirilgan. Biroq A.Quvondiqova bu tushuntirishlarni rad etib, qo‘pollik bilan fuqaro S.Amanovadan ortiqcha hujjatlar talab qilishda davom etgan.
Natijada fuqaro boshqa notariusga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Ushbu notarial harakat qisqa muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Murojaat yuzasidan vazirlikka chaqirilgan notarius A.Quvondiqova mas’ul xodim ishtirokida fuqaro S.Amanova bilan qo‘pol muomalada bo‘lib, uni haqorat qilgan. Shuningdek, murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida xolislikni ta’minlashga salbiy ta’sir qilish maqsadida fuqaroga bosim o‘tkazib, unga nisbatan mahalla fuqarolar yig‘inidan salbiy tavsifnoma olganini aytib, qo‘rqitishga uringan.
Xullas, notarius fuqaroning bir necha kun mobaynida ovora bo‘lishiga, shuningdek, vazirlikka takroran shikoyat bilan murojaat qilishiga sabab bo‘lgan.
Oqibatda ichki mehnat tartibi qoidalariga asosan A.Quvondiqova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter