Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Frontdan kelgan qora xat, ayol matonati va askarlar xotirasi... «Shon-sharaf» muzeyiga sayohat qilamiz

Frontdan kelgan qora xat, ayol matonati va askarlar xotirasi... «Shon-sharaf» muzeyiga sayohat qilamiz

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida maqola va fotolar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihasining navbatdagi manzili – Ikkinchi jahon urushi fojialaridan hikoya qiluvchi «Shon-sharaf» davlat muzeyi.  

Manzil: Toshkent shahri, Sag‘bon ko‘chasi, 382-uy.

Kirish pulli: 6 ming so‘m; o‘quvchi va talabalar uchun chegirmali narxlar belgilangan. Nafaqa yoshidagilar, yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklanganlar va urush faxriylari (ularni kuzatib kelganlar) uchun bepul.

Ekskursiya xizmati: O‘zbekiston fuqarolari uchun 40 ming so‘m.

Ish vaqti: Dushanba – yakshanba 09:00 dan 18:00 gacha.

Dam olish kuni: Yo‘q.  

To‘liq aylanish uchun: 40 daqiqadan 3 soatgacha vaqt sarflanadi.

Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlar taqdirini o‘zgartirib yuborgan, insoniyat tarixidagi eng katta qirg‘inbarot sifatida tarixda qolgan. Dunyo yana bir marta shunday dahshatli fojiaga yo‘l qo‘ymasligi, urush ayovsiz, g‘olibsiz, faqat yo‘qotishlardan iborat ekanligini anglash uchun ham tarixning bu ulkan xatosini ko‘proq o‘rganishimiz lozim. G‘alaba bog‘i va uning tarkibidagi «Shon-sharaf» davlat muzeyi shu maqsadda tashkil etilgan.

Muzeyda Ikkinchi jahon urushida front va front ortida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonliklar haqidagi foto va video ma’lumotlar, urush dahshatini aks ettiruvchi eksponatlar, frontdan yo‘llangan maktublar, jang maydonlaridan topilgan buyumlar, tarixiy hujjatlar o‘rin olgan.

Kirish qismidagi devorda rassom Alisher Aliqulovning «Toshkent vokzali» asari o‘rin olgan. Asar 22 metr bo‘lib, unda shaharning eng gavjum ob’yekti – vokzaldagi bir kunning jonli tasviri aks etgan.  

Xadicha Rashidova

–  Muzeyimiz G‘alaba bog‘ining asosiy qismi hisoblanib, u ikki qavatdan iborat, – deydi Ko‘chma ko‘rgazma bo‘limi yetakchi mutaxassisi Xadicha Rashidova. – Birinchi qavat beshta bo‘limdan tashkil topgan. Bunda asosiy e’tibor urushning boshlanishi, askarlarni kuzatish, frontga yuborilgan yordam, yaralangan askarlarni davolash jarayonlari, urush yillarida ilm-ma’rifatga etibor, ayol matonati va urushning dahshatli oqibatlari eksponatlar yordamida ochib berilgan.

Ikkinchi qavat esa uchta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda frontga ketgan askarlarning mukofotlari, faxriy yorliq va buyumlarining orginal namunalari saqlanadi. Ikkinchi bo‘limda harbiy tizimlar orqali yuborilgan yordamlar aks ettirilgan. Uchinchi bo‘lim esa harbiy qurol va texnikalarga bag‘ishlangan, ular orasida original eksponatlar ham mavjud.

–  Eksponatlarning necha foizi asl nusxadagi hisoblanadi?

– Muzeyimizda 20 mingga yaqin tarixiy ahamiyatga ega buyumlar mavjud bo‘lib, ularning 80-90 foizi asl nusxada. Eng noyob eksponatlar sifatida asl nusxadagi harbiy texnika, orden va medallarni aytishimiz mumkin.

Negmat (Maxamadjon) Xolmatovning halok bo‘lganligi haqidagi qora xat.

– Eksponatlar qanday to‘plangan?    

– Muzey tashkil qilishdan oldin Ikkinchi jahon urushiga aloqador ekspontalar kerakligi haqida viloyatlar kesimida e’lon bergan edik. Ko‘plab insonlar bunga befarq qaramay, yordam berdi. Shu bois eksponatlarning katta qismi oilaviy arxivlardan to‘plandi. O‘zbekistonning turli hududlarida yashovchi aholi bugungi kunga qadar Ikkinchi jahon urushiga aloqador buyum va hujjatlarni taqdim etib kelmoqda. Bundan tashqari, xorijdagi muzeylardan olib kelingan harbiy texnikalar bor. Shuningdek, O‘zbekiston milliy kinofondi tomonidan taqdim etilgan hujjatli filmlar, libos va buyumlar ham muzey eksponatlari orasida eng ahamiyatlilaridan hisoblanadi.

Mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana va dam olish kunlari uchun rejangiz bo‘lmasa, albatta, «Shon-sharaf» davlat muzeyiga tashrif buyuring.  

Dilroz Abrayeva

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring