Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fransuzcha gambit»ning misi chiqdi

«Fransuzcha gambit»ning misi chiqdi

Foto: «Chessmateok.com»

Fransiya shaxmat federatsiyasi uch nafar taniqli grossmeysterni musobaqalarda qatnashishdan besh yilga chetlatdi. Aniqlanishicha, Xanti-Mansiyskda o‘tgan Xalqaro shaxmat olimpiadasida Sebastyan Fellerga dona surishda Siril Marzolo va fransuz jamoasi kapitani Arno Oshar pinhona ko‘rsatma berib turgan. Shaxmat firibgarlari o‘yin paytida mobil telefonlar vositasida kodlangan SMS-xabarlardan foydalanishgan. Bu haqda «Chessmateok.com» portali xabar bergan.  

Tizim bunday yo‘lga qo‘yilgandi: Feller shaxmat o‘ynayotgan paytida Marzolo kompyuterdan eng yaxshi yurishni topib, uni musobaqa zalida shaxmat taxtasining tegishli xonasiga mos joyni egallagan Osharga uzatib turgan. Firibgarlar maxsus shifrni qo‘llashgan. Masalan, 63 68 bo‘lsa, Feller F3 dan F8 xonaga yurishi lozim edi. Rux yoki farzin shunaqa yura oladi. Oshar esa muayyan o‘yinchilar yonida turib Fellerga ma’lumotni yetkazgan (shaxmat olimpiadasi paytida bir yo‘la ko‘plab o‘yinlar o‘tkazilgani bois jamoalar o‘yinchilarining taxtalari raqamlab qo‘yiladi).

«Qoyilmaqom uchlik»ning firibini Fransiya shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti Yoanna Pomian fosh qildi. Aslida bu voqea 2010-yilning oktyabr oyida yuz bergan,  keng jamoatchilikka esa yaqinda ma’lum bo‘ldi.

Xanti-Mansiyskdagi shaxmat olimpiadasida Feller avvaliga jamoaning «beshinchi» raqamli o‘yinchisi edi va «almashtirilgandi». Biroq tez orada «ajoyib o‘yini» sababli jamoa asosiy tarkibiga kiritildi, to‘qqiz partiya o‘yin o‘tkazib, besh g‘alaba, ikki durangga erishdi, ikkitasini boy berdi. O‘shanda Fransiya termasi to‘qqizinchi o‘rinni egallagan, Feller esa turnirda besh ming yevro mukofot puli ishlab olgandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring