Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Fransiya prezidentining sohibqiron yurtini ko‘rish orzusi

Fransiya prezidentining sohibqiron yurtini ko‘rish orzusi

Islom Karimov va Fransua Mitteran uchrashuvi.

Foto: Gettyimages / Thierry Orban

Fransiya tarixida Napoleon Bonapart, Sharl de Golldan keyingi o‘rinda nomi aytiladigan shaxs Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Mitteran bo‘ladi. Bunga uning prezidentlik davrida jahon hamjamiyatida Fransiyaning mavqeini yuksaltirganligi sababdir. Mitteran mamlakatni 14-yil boshqargan. Bu davrda bir-biridan go‘zal davlatlarga tashrif buyurib, dunyoning eng nufuzli shaxslari bilan uchrashgan. 

Mitteranning O‘zbekistonga tashrifi o‘sha davrda ham ma’lum siyosiy sabablarga ko‘ra eng ko‘p sharhlangan hodisalardan biri bo‘lgan edi, hozir ham qiziquvchi insonlar orasida e’tiborga molik voqealardan bo‘lib kelmokda.

Mitteranning O‘zbekistonga tashrifi uning umridagi eng so‘nggi safarlaridan biri bo‘lib, u bu «ahamiyatsiz» davlatga tashrifni Fransiya tashqi ishlar vazirligi va inson huquqlari tashkilotlarining qarshiliklariga qaramasdan amalga oshiradi. Tashrifdan so‘ng O‘zbekistonga u bilan kelgan va O‘zbekiston tomonidan uni sayohat qildirgan insonlar keksa Mitteran o‘limidan oldin O‘zbekistonni bir marta bo‘lsa ham borib ko‘rishni orzu qilganini ta’kidlaydilar.

Xivada prezidentga hamrohlik va tarjimonlik qilgan yoki boshqa xizmatlarda bo‘lgan insonlar prezident Mitteran protokolni buzib Xivada yarim soat ko‘proq qolishni so‘raganini hikoya qilishadi. Ularning guvohlik berishicha, Fransua Mitteran «Xivaga bir marta bo‘lsa ham kelmagan fransuz fransuz emas» deb aytgan ekan. Mitteran O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘zi bilan kelgan budjet vaziri Nikolya Sarkoziga «Siz siyosatda uzoqqa borasiz» deb aytadi. Mitteran aytganiday, Nikolya Sarkozi 2007 — 2012-yillarda Fransiyaning prezidenti bo‘ladi.

Fransua Mitteran bilan O‘zbekistonga kelgan «Liberasion» gazetasining jurnalisti Jan-Per Tibodat 2004 yilda «Mitteran Samarqandni ko‘rdi va undan keyingina vafot etdi» nomli maqolasini yozadi. Unda Mitteranning Samarqandga tashrifiga oid ayrim voqealarni gapirib beradi. Quyida mazkur maqolaning tarjimasini taqdim etamiz.

Mitteran Samarqandni ko‘rdi va undan keyingina vafot etdi

(Jan-Per Tibodat, «Liberasion» gazetasi, 2004-yil 12-avgust).

U o‘limi yaqin ekanligini bilar edi. Ikki yildan ozroq umri qolgan edi. U Samarqandni ko‘rishni xohlardi. Shu sababli respublika prezidentining orzusidagi sayohatni amalga oshirish uchun safar «davlat tashrifi»ga aylantirildi. 1994-yil aprelning oxirlarida Fransua Mitteran O‘zbekistonga uchib ketdi. Bu sayohat shohona sayohat bo‘ldi...

Prezident «Konkord» samolyotida uchdi, uning o‘ziga do‘st bo‘lmagan vazirlari (o‘sha paytda prezident vazirliklarni boshqa partiyalar bilan bo‘lishib boshqarayotgan edi) — budjet vaziri Nikolya Sarkozi, Yevropa masalalari bo‘yicha davlat kotibi Alen Lamasur «Falkon» samolyotida uchdilar, jurnalistlarning o‘zlari bir «Eyrbus» samolyotini to‘ldirdilar. Bunga yana prezidentning «Konkord»i uchun yonilg‘i olib yuruvchi Istrdan kelgan ikkita samolyotning ekipaji (har birida 10 kishi) va Parijdan olib ketilgan idish-tovoqlarni ham qo‘shish kerak. Temuriy shahzodalarga xos dabdaba hozirlangan edi. Dabdabalarni yaxshi ko‘radigan Nikolya Sarkozi o‘zi o‘tirgan mashina rasmiy limuzinlarning orqasiga joylashtirilgani uchun rosa jahl qildi. Prezident esa bunga kulib qo‘ya qoldi.

Fransua va Daniyela Mitteranlarga Toshkentga tashrifi paytida sovg‘a qilingan likopchalar. 1994-yil 25-aprel. Manba: Gettyimages, Copyright: William STEVENS

Yo‘llar asfaltlangan. Yaxshilab tayyorgarlik ko‘rilgan edi. Ikki oy davomida protokol va xavfsizlik buyicha Parijdan kelgan odamlar prezidentning har bir bosadigan qadamigacha mo‘ljallab, rejalashtirib chiqqan edilar. Samarqand, Buxoro va Xiva — odatdagi uchta turistik shaharga tashrif rejalangan edi, keyinchalik Buxoro olib tashlandi. Poytaxt Toshkentda rasmiylar O‘zbekistonda yashaydigan va ishlaydigan fransuzlarni borib ko‘rish uchun yuradigan yo‘llarini asfaltlab qo‘ygan edilar. O‘zbekiston 1991-yil 1 sentyabrda o‘z mustaqilligini e’lon qilgach, Mitteran uning mustaqilligini tan olgan g‘arbdagi ilk prezidentlardan biri bo‘lgan edi. Shu sababdan prezident Karimov undan minnatdor edi...

Islom Karimov va Fransua Mitteran Xivada. Manba: Gettyimages, Copyright: Thierry Orban.

Islom Karimov fransuz prezidenti bilan Xivaga birga bordi. Lekin Mitteran Samarqandni yolg‘iz sayohat qilishni xohladi. To‘g‘rirog‘i, deyarli yolg‘iz, chunki uning atrofida xos soqchilari va boshqa rasmiylar bor edi. U Amir Temur bilan uchrashmoqchi edi. 1981-yilda Panteondan keyin (Panteon — Parijdagi buyuk shaxslar dafn etilgan ulkan bino. Mitteran prezident bo‘lgach, u yerga borib ayrim buyuk shaxslarning poyiga gul qo‘ygan — tarjimon izohi) u xuddi dunyo bilan xayrlashmoqchiday bo‘lib temuriylarning eng buyugining dahmasiga tushdi. O‘sha paytda Toshkentdagi «Markaziy Osiyo tadqiqotlari fransuz instituti»ni tashkil qilayotgan Per Shuvin prezident bilan qadamma-qadam birga yurgan edi. Anatoliya tadqiqotlari fransuz institutini boshqarayotgan janob Shuvin telefon orqali bizga quyidagilarni gapirib berdi:

Yerni sevuvchi inson

«Meni eng hayratlantirgani Shohizindaga tashrif bo‘lsa kerak. Pastdan tepalikka qarab bir biridan go‘zal qabrlar oralab ko‘tarilib boradigan yo‘lak. Prezidentga qulay bo‘lishi uchun biz tashrifni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tepada bo‘ladigan qilib tashkillashtirgan edik. Odatiy yo‘nalishdan boshqa yo‘l orqali kelishga ruxsat berishga o‘zbek rasmiylarini zo‘rg‘a ko‘ndirdik, chunki boshqa yo‘l zamonaviy qabrlarning orasidan o‘tib kelar edi. O‘zbeklar bunga rozi bo‘lishdi. Biz o‘sha hududda shamlar yoqib, musiqachilar bilan sayr qilishni tashkillashtirmoqchi bo‘lgandik, o‘zbek rasmiylari bunga rozi bo‘lmadilar.

Men u kabi adabiy arbobga yodgorliklardagi yozuvlarda nimalar yozilganini aytib bersak, qiz nevarasining xotirasiga atab yozilgan she’rlardan o‘qib bersak prezidentga yoqar deb o‘ylagan edim. Ammo bu narsalar unga hech qanday ta’sir qilgani yo‘q. Registonda u o‘zbeklar ijro etgan folklor spektaklini tomosha qilib hordiq chiqardi...

Islom Karimov va Fransua Mitteran Samarqandda. Manba: Gettyimages, Copyright: Thierry Orban.

So‘ngra Amir Temur, uning nabirasi Ulug‘bekning va boshqalarning maqbarasi bo‘lmish Go‘ri Amir dahmasiga tushdik. Men prezidentga toshlarga o‘yib yozilgan yozuvlarni sharhlab berdim. Ayniqsa, o‘z o‘g‘li tomonidan o‘ldirilgan Ulug‘bek haqidagi yozuvlarni. U har bir so‘zimni diqqat bilan tinglar edi... Bu yer prezident juda ko‘p savollar bergan yagona joy bo‘ldi.

Dahmaning o‘z muhiti bor edi, ya’ni, boshimizning ustidagi prezident ko‘p vaqt tomosha qilib, turgisi kelmagan rang-barang qabrlar va biz ko‘rib turgan xokisorlik o‘rtasidagi qarama-qarshilik sezilib turar edi. Uning toshlarga bo‘lgan o‘zgacha munosabati ko‘rinib turardi. U yerni sevuvchi inson edi. 1981 yilda u Panteonning dahmasiga tushgan edi, endi esa o‘zi singari avlodlarga o‘rnak bo‘lib qolgan Amir Temurning dahmasida turar edi».

Zar qadrini zargar biladi

O‘zbekistonga ko‘plab buyuk shaxslar, siyosiy va adabiy arboblar tashrif buyurgan. Shu bilan birga O‘zbekistonni «ahamiyatsiz» deb hisoblagan, ba’zan bilimsizlarcha nazarga ilmagan insonlar ham bor bo‘lgan. Ammo o‘zbek maqolida aytilganiday, «Zar qadrini zargar biladi». O‘zbekistonning buyuk tarixini, jahon fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini, bir-biridan go‘zal shaharlarini, qo‘li doim ko‘ksida bo‘lgan mehmondo‘st xalqini, mazasi og‘izda qoladigan taomlari va tilyorar mevalarining qadrini bilish uchun insondan chuqur bilim, yuksak madaniyat va keng dunyoqarash talab etiladi.

O‘limi yaqinligi muqarrar bo‘lsa ham O‘zbekistonga bir marta sayohat qilishni orzu qilish uchun esa Fransua Mitteranday buyuk inson bo‘lish kerak. Mitteran 1996-yil 8-yanvar kuni Parijda olamdan ko‘z yumadi. Fransiyada uning o‘limi bilan bog‘liq ko‘p shov-shuvli mish-mishlar yuradi. Men ularning rost yoki yolg‘on ekanligini bilmayman. Meni faqat bir narsa quvontiradi. Fransua Mitteranday buyuk prezidentning O‘zbekistonga sayohat qilishday buyuk orzusi armonga aylanib qolgani yo‘q. U o‘zidan keyingi avlodlarga, fransuzlarga eng yorqin o‘rnak ko‘rsatib ketdi. Balki so‘nggi o‘n yillardan beri O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi chet ellik turistlarning orasida fransuzlar birinchi o‘rinni egallab kelayotganida shu o‘rnakning ham hissasi bordir!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring