Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Fotosayohat. O‘zbekistonda zumrad ko‘l borligini bilasizmi?

Fotosayohat. O‘zbekistonda zumrad ko‘l borligini bilasizmi?

Foto: «Xabar.uz»

Shaharlar hashamga qanchalar burkanmasin, inson doimo tabiat qo‘yniga shoshadi. Ehtimol, insonning beqaror ruhiyati zarur taskinni, ilhomni yoki quvvatni mudom harakatda bo‘lgan tabiat bag‘ridan olsa kerak. Shu kunlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Xumson qishlog‘i har qachongidan gavjum bo‘ladi.

Xumsonga safarimizdan foydalanib, hamrohlar bilan mashhur O‘rungoch ko‘llari sari yo‘lga otlandik.

Toshkent shahridan 160 chaqirim uzoqlikda joylashgan O‘rungoch (mahalliy aholining izohlashicha, «yorqin zumrad tosh») ko‘llari Ugam-Chotqol milliy parki hududida joylashgan va O‘rungoch soyi irmoqlaridan hosil bo‘lgan.

Bu ko‘lga qanday boriladi?

Chirchiq daryosining boshlanishida qurilgan Chorvoq suv omboriga yetib borgach, Nanay qishlog‘iga olib boradigan yo‘lga tushib oldik. 15 chaqirimcha yurgach, Qorabuloq postiga yetib keldik. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur postdan o‘tish uchun Sijjak qishlog‘ida joylashgan ichki ishlar bo‘linmasidan ruxsat talab qilinar ekan. Ruxsatnoma olish uchun Sijjakka qaytdik. Ruxsatnoma blankasi G‘azalkentdan yetib kelishini kutishga to‘g‘ri keldi. Qisqa fursat ichida mazkur bo‘linmada katta navbat yuzaga keldi.

Ruxsatnoma fuqarolik pasporti bilan beriladi. Agar farzandlaringiz bilan birga bormoqchi bo‘lsangiz, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarini olishni yoddan chiqarmang. Hozircha xorijiy fuqarolarga postdan o‘tishga ruxsat berilmas ekan.

Maslahat: Qorabuloqqa borib, ruxsatnoma uchun yana ortga qaytib ovora bo‘lmaslik uchun avval Sijjakdagi mazkur militsiya punktiga kirib o‘ting.

Bizgacha o‘sha kuni 125 kishiga ruxsatnoma berilgan ekan. Hujjat qo‘lga tekkach sarguzasht ilinjida yo‘limizda davom etdik. Tabiat go‘zalligi inson bahri dilini ochadi.

Ammo ta’bingizni xira qiladigan holatlarga ham duch kelasiz. Quyidagi suratning o‘ziyoq odamlar toqqa nima maqsadda kelishlariga oydinlik kiritadi.

Har qancha urinmang, bu yaqin atrofda bunday idishlarni topa olmaysiz.

Ammo san’atkorona go‘zallik sizni yana tezda chalg‘itadi. Bekorga gullarni «tabiatning tabassumi» deyishmaydi.

Qorabuloq postida ruxsatnoma va fuqarolik pasportini nazoratdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Ichkarilagan sayin tabiat yanada maftunkor bo‘la boshlaydi. Tog‘lar viqori qalbga ko‘chib, faxr hissini tuya boshlaysiz.

Ispay, Maydontol, Takayang‘oq, Chaqmoqlisoy, Tepar kabi qishloqlarda o‘zbek, tojik, qozoq va qirg‘iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz ahil-inoq yashashadi. Aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, tog‘ yon-bag‘irlari bo‘ylab gurkirab o‘sgan yong‘oq ham bu yerliklarning rizq-nasibasi. Haqiqiy tog‘ asalini shu yerdan topsa bo‘ladi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining qishloqlardagi elektr energiyasi taqchilligini kichik GESlar qurish orqali hal etish haqidagi taklifiga elektrostansiya qurilayotganligi aholini juda quvontirdi.

Qishloqlar ortda qolgach, qachonlardir asfalt yotqizilgan yo‘llar tugaydi.

Maslahat: imkon qadar bu yerga kuzovi yuqoriroq bo‘lgan transportda kelgan ma’qul. Shuningdek, yo‘l-yo‘lakay mahalliy aholi qoldirgan telefon nomerlariga ko‘zingiz tushadi. Ular «Niva», «Jiguli» yoki «Uazik»larida sizni manzilgacha olib borib, olib kelib qo‘yadilar. Ammo avtomobilni bu kimsasiz joylarda qoldirib ketishga har kimning ham haddi sig‘maydi.

Shuningdek, G‘azalkentdagi avtobekatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘rungoch ko‘liga qatnaydigan taksilarni topish ham mumkin. Buning uchun bekatning «Turkiston» deb nomlangan qismiga kelish kerak bo‘ladi.

Kimdir sizga «Damas» avtomobilida bu yerga sayohat uyushtirib berishni taklif qilsa, buni rad eting. Mahalliy aholi bilan suhbatda ma’lum bo‘lishicha, bu daralarda «Damas»da yurish hayotni garovga qo‘yish bilan barobar.

Darvoqe, olis bo‘lsa-da, bu yerlar ham mobil aloqa signallari bilan qamrab olingan.

Aloqada qolishni istaganlar «Uzmobile» yoki «Ucell» kompaniyalari sim-kartalarini olishlari lozim.

Mana bu manzara esa bizni o‘ziga maftun qilib qo‘ydi.

Nihoyat, Chorvoq suv omboridan deyarli 60 chaqirim uzoqlikda joylashgan O‘rungoch ko‘liga oz qoldi.

Bu yer mashinada kelish mumkin bo‘lgan so‘nggi manzil. Undan keyin toshloq boshlanadi.

O‘ziga ishonganlar yarim chaqirimdan biroz uzoqroq masofani yayov bosib o‘tishlari mumkin.

Shuningdek, mahalliy aholi bu yerda ham yurish mumkin bo‘lgan oyog‘ulovni taklif qilishadi.

Yashillik, toza havo hamda yozning musaffo salqinligi tanni yayratadi. Ilk bor odam qadami yetgan manzillarda qadam tashlayotgandek bo‘lasiz. Ammo ko‘lga bir qadam qolganda bu yerga sizgacha ham odam qadami yetganiga ishonch hosil qilasiz.

Zumrad ko‘lning go‘zalligi esa barcha mashaqqatlarni unutishga majbur qiladi.

Tog‘-tosh va qoyalar bilan o‘ralgan kichik ko‘lning o‘rtacha chuqurligi 4 metr. O‘rtasida chuqurligi 10,4 metrgacha yetadi. Dengiz sathidan 1227 metr balandda joylashgan ko‘lning suvi shu qadar sovuqki, unda na balik, na biror hashorat yoki o‘simlik uchraydi.

Iyulning boshida egizak ko‘llarning faqat kichigi kristall tiniqligida mavjlanadi. Katta ko‘l esa avgust oyining o‘rtalarida tiniqlashar ekan. Shu bois biz katta zumrad ko‘lga sayohatimizni keyingi oyga rejalashtirdik.

Yakun

Vatanni sevish uni bilishdan boshlanadi. Purviqor tog‘lar, bog‘-rog‘lar, daryo-soylarda kezar ekansiz, qalbingiz g‘ururga to‘ladi. Vatan bo‘ylab sayohat shuuringizni boyitadi. Aslida mahalliy turizmni rivojlantirish vazifasining tub mohiyati ham vatanparvarlik bilan bog‘liq.

Fotosuratlar Sarvarbek Sa’dullayev bilan hammualliflikda olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring