Fatvo hay’ati vaksina olishning hukmini e’lon qildi
Ma’lumki, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to‘g‘risida xulosaga keldilar.
Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim ko‘rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo‘llashga buyuradi. Shunday ekan, vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta’kidlanadi.
Birinchidan, dinimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan.
Ikkinchidan, ba’zi kishilar kasal emasligini ro‘kach qilib, vaksina olishga beparvo bo‘ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Demak, bemor bo‘lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo‘ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.
Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o‘ziga ham o‘zgaga ham zarar bermaslikdir. Demak, vaksinani olishimiz birinchi navbatda o‘zimizning sog‘ligimiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog‘ligini saqlashga sabab bo‘ladi.
To‘rtinchidan, hozirgi kunda Haj va Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaksina bilan emlangan bo‘lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo‘lgan kishidan vaksina bilan emlanganlik so‘ralmoqda.
Xulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar’an joiz, chunki bu davolanishning bir ko‘rinishidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter