«Matiz»da yongan homilador ayol voqeasi qanday «rivojlangan»i aytildi
24-yanvar, shanba kuni Farg‘ona shahrida 29 yoshli M.U. o‘ziga tegishli «Matiz» rusumli avtomashinada shar’iy nikohida bo‘lgan homilador turmush o‘rtog‘i 36 yoshli M.H. ni shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida rashk tufayli o‘rtada janjal kelib chiqqani va yakunda ayol hamda uning yong‘in ichida tug‘ilgan chaqalog‘i halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
«Xalq so‘zi» nashrining Farg‘ona viloyati hokimligiga tayanib xabar berishicha, hokimlik mutasaddilari marhuma tug‘ilib o‘sgan Marg‘ilon shahri «Ahmad Yassaviy» MFYdagi hamda fuqaro M.U. istiqomat qilayotgan Farg‘ona shahridagi «Huvaydo» MFYda xonadonlarda bo‘lishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, M.U. 2022-yilning 28-avgust kuni Rossiyadan kelib, 19-noyabr kuni Farg‘ona shahar 2-sonli FHDYo orqali boshqa bir qiz bilan qonuniy nikohdan o‘tgan, ya’ni oila qurgan.
Suhbat jarayonida aniqlanishicha, Muhammadali Rossiyada ishlab yurgan vaqtida M.H. ismli ayol (ayni paytda marhuma) bilan tanishib, o‘zidan 8 yosh katta va 1 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lishiga qaramay, shar’iy nikoh orqali yashab yurgan. Bu haqida M.U. oila a’zolarining umuman xabari bo‘lmagan. Ammo keyinchalik M.U. va M.H. o‘rtasiga sovuqchilik tushib, Rossiyadayoq ularning munosabati buzilgan.
2022-yil 19-noyabr kuni M.U. ning qonuniy oila qurganidan xabar topgan M.H. unga homilador ekanligi bois yana birga yashash taklifini bildirgan. M.U. yangi oila qurganligini aytib, rozi bo‘lmagan.
2023-yil 12-yanvarida M.U. yashash uyining ko‘cha tomonidagi tabiiy gaz muhrlari o‘chirilib, shaxsiy avtomashinasining ballonlari teshib ketilgan. Yashirin kamera orqali bu ishni M.H. sodir etgani aniqlangan.
24-yanvar kuni esa M.H. M.U. ga telefon qilib, ahvoli yomonlashganligi, tezda kelib Farg‘ona shahar tug‘uruq bo‘limiga olib borishini aytgach, uni ijarada turgan manzilidan kasalxonaga olib kelayotganida yuqoridagi fojea yuz bergan.
Farg‘ona shahar «Madaniyat» mahalla fuqarolar yig‘ini ishchi guruhi a’zolarining joriy yil 11-yanvar kungi tadbirlaridagi qaydnomalarning birida Qo‘qon ko‘chasining 60-uyidagi xonadonlarning birida ijarada turib kelgan M.H. to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Unga ko‘ra, M.H. 2022-yilning noyabr oyidan buyon 2013-yilda tug‘ilgan M. qizi va turmush o‘rtog‘i bilan birga mazkur uyda ijarada yashayotganligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, ayol suhbat chog‘ida Marg‘ilondagi doimiy yashash hududida tabiiy gaz va elektr energiyasi yo‘qligi sababli qish mavsumini shu yerda o‘tkazib, yaqin kunlarda ikkinchi farzandini dunyoga keltirishi va chillasi chiqishi bilan doimiy yashash xonadoniga ko‘chib ketishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi «b» bandi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter