Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada koronavirusga chalingan ayol 1 oydan beri tuzalmayapti. Uxanda ham shunday holat uchragandi

Farg‘onada koronavirusga chalingan ayol 1 oydan beri tuzalmayapti. Uxanda ham shunday holat uchragandi

Foto: Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi

Xitoydan tashrif buyurgan shifokorlar 20-21-aprel kunlari Farg‘ona viloyatida ham bo‘ldi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari bilan xitoylik mutaxassislar o‘rtasida onlayn videosuhbat jarayonida farg‘onalik shifokorlar COVID-19 aniqlangan har bir bemorda kasallikning klinik kechish simptomlari, ularni davolash jarayonida tug‘ilayotgan ayrim muammolar to‘g‘risida savol berib, xitoylik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashdilar. Xitoylik mutaxassislar esa o‘z tajribalaridan kelib chiqib, zarur tavsiyalarni berishdi.

Xususan, Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori S.Boyyigitov quyidagicha savol bilan murojaat qildi:

– 1988-yilda tug‘ilgan ayol 2020-yil 20-mart kuni koronavirus aniqlanib, shifoxonamizga yotqizilgan. Unga virus va infeksiyaga qarshi barcha zarur davo muolajalari standart asosida olib borilmoqda. Bemor o‘zini yaxshi his qiladi, unda kasallikning klinik belgilari va boshqa asoratlari sezilgani yo‘q. Ammo oradan bir oy vaqt o‘tsa-da, bemordan olingan qon tahlillari natijasi musbat chiqmoqda. Xitoyda ham shu kabi holat uchraganmi? Uchragan bo‘lsa qanday davo choralari ko‘rilgan?

Bu savolga xitoylik mutaxassislar Uxan tajribasida ham bunday holat uchragani, ba’zida virus kasallangan odam qonida 50 kungacha ham saqlanib turishi mumkinligini aytib, bu bemor shifoxonada yana bir necha kun yotib davolanishi zarurligi haqida tavsiya berishdi.

Shuningdek, farg‘onalik mutaxassislar «Agar emizikli ayol va uning chaqalog‘ida virus aniqlangan bo‘lsa, chaqaloq onasining ko‘krak sutidan oziqlanishi xavfli emasmi? Xitoyda bu borada qanday yo‘l tutilmoqda?» degan savollariga mehmonlar «ona shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilgan holda chaqalog‘ini emizishda davom etsa bo‘ladi», degan mazmunda javob qaytarishdi.

Shundan so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali majlislar zalida xitoylik mutaxassislar va farg‘onalik shifokorlar ishtirokida «Shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish» to‘g‘risda  mahorat darsi  tashkil etildi.

Mehmonlar xitoyning Uxan shahri tibbiyot xodimlari tajribasidan kelib chiqib, COVID-19ni davolashning samarali usullari, bu jarayonda tibbiyot xodimlari oldida turgan eng muhim vazifalar, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish va boshqa masalalarda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Mahorat darsi jarayonida xitoylik shifokorlar shaxsiy himoya kiyimlarini to‘g‘ri kiyish va yechish, bemorlarning oldida qanday harakatlanish zarurligi haqida ko‘rgazmali mashg‘ulot ham namoyish qilishdi.

21-aprel kuni xitoylik shifokorlar bir qator viloyat davolash profilaktika muassasalarida tashkil etilgan zaxira karantin markazida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

Mehmonlar bu yerdagi sharoitga ijobiy baho berib, o‘z tajribalaridan kelib chiqib bir qator tavsiyalarni ham berishdi. Masalan, xonalardagi havoni tozalab turuvchi havo yo‘llarini vaqtinchaga yopib qo‘yish hisobiga virus tarqalishining oldini olish mumkinligi, xonani esa faqat derazalrni ochish orqali shamollatish kerakligi bo‘yicha fikrlar bildirildi. Chunki Xitoy tajribasida bir xonada yotgan bemor odam nafas olganida chiqqan viruslar havo yo‘li orqali yuqori qavatdagi boshqa sog‘lom bemorga yuqish holati ham uchraganini aytishdi. Shuningdek dezinfeksiya qilib turish borasida ham muhim tavsiyalar berishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring