Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti olimi vafot etdi

Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti olimi vafot etdi

Foto: Yadro fizikasi instituti

Fizika-matematika fanlari doktori, yadro fizikasi sohasida yetuk olim, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasi mudiri Zokirjon Kanokov 2020-yil 7-avgust kuni 64 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Yadro fizikasi instituti xabar berdi.

Zokirjon Kanokov 1956-yil 25-yanvarida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tavallud topgan. 1973-yili Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirgan. 

Ilmiy faoliyatini 1978-yildan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida boshlagan. 1983-2012-yillar davomida Toshkent davlat universiteti (O‘zbekiston Milliy universiteti) fizika fakultetida ilmiy xodim va pedagog, 1986-1987-yillarda Moskva davlat universitetida stajyor o‘qituvchi, 2012-2017-yillarda O‘zMU fizika fakulteti «Nazariy va yadro fizikasi» kafedrasi mudiri, 2018-yildan hozirgacha FA Yadro fizikasi instituti Nazariy yadro fizikasi laboratoriyasining mudiri lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Zokirjon Kanokov ilmiy faoliyati davomida Ochiq kvant sistemalar va nanosistemalarining harakat dinamikasini, Og‘ir ionlar to‘qnashuvida vazmin yadrolarning qo‘shilishi va bo‘linishi jarayonlarini o‘rganishga katta e’tibor berdi. Bu tadqiqotlar Rossiya Federatsiyasining Dubna shahrida joylashgan Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti olimlari e’tiborini tortdi va uzoq yillar davomida hamkorlikda qilingan izlanishlarning asosi bo‘ldi. Hamkorlikda qurilgan yangi nazariy usullar dunyo miqyosida tan olingan. 

Z.Kanokov 80 dan ortiq ilmiy nashrlar, 60 dan ortiq maqolalar chop etgan. O‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar muallifi bo‘ldi. Toshkent davlat universiteti fizika fakultetida talabalarga yadro fizikasi va elementar zarralar fizikasi, yadro modellari fanlaridan chuqur saboq berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring