Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi: «XXI asrda bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi...»

Yevropa Ittifoqi: «XXI asrda bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi...»

Dunyoda har uch ayoldan biri hayoti davomida zo‘ravonlikka duch keladi. Yevropa Ittifoqi diplomatik xizmati 25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni munosabati bilan tarqatgan xabarda jahondagi holat xavotirli va tahlikali deb baholangan. 

«Yevropa Ittifoqi xotin-qizlarga nisbatan barcha zo‘ravonlik ko‘rinishlarini qoralaydi. Bu yil biz to‘qnashuvlar ketayotgan va gumanitar inqiroz sharoitidagi hududlarda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Ukraina, Myanma, Afg‘oniston, Efiopiya, KDR, MAR, Janubiy Sudan, Yaman va urush hamda ziddiyatlar davom etayotgan boshqa mamlakatlarda xotin-qizlar doimiy tahdid, jinsiy, jismoniy zo‘ravonlik muhitida yashamoqda. YeI ushbu mudhish jinoyatlarning oldini olish va aybdorlarni jazolash ishiga sodiq qoladi, dunyoning biror bir yerida bunday xatti-harakatga o‘rin bo‘lmasligi kerak», – deyiladi xabarda. 

Internet keng tarqalishi bilan dunyoda onlayn ta’qib va tazyiqlar ham kuchaymoqda. 50 foiz qizlar real hayotdan ko‘ra ko‘proq virtual olamda ta’qibga uchrayotganini ma’lum qilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, asosan 18-24 yoshdagi qizlar onlayn zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. 

BMT Bosh assambleyasining 1999-yil 17-dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida belgilangan. 1991-yildan buyon «Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasi o‘tkaziladi. Aksiya har yili 25-noyabrdan 10-dekabr – Inson huquqlari kunigacha davom etadi.

YeI dunyo davlatlarini zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida dadil qadamlarga undagan.

«XXI asrda xotin-qizlarga nisbatan shafqatsiz munosabat, ta’qib, zo‘ravonlik, ularga qo‘l ko‘tarish, majburiy nikoh davom etishi mumkin emas», – deyiladi YeI bayonotida.

2022-yil mart oyida Yevropa komissiyasi ayollarning ta’qib etilishi va oilada zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha hujjat qabul qilgan. Unda huquqbuzarlikka qarshi kompleks kurash, jumladan, onlayn ta’qiblarning oldini olishga doir choralar belgilangan.  

YeIning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan gender tengligiga doir strategiyasida amaliy tadbirlar ko‘zda tutilgan. Dastlabki bosqichda 500 mln yevro ajratilgan Spotlight global tashabbusi ham xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashga qaratilgan.

16 kunlik aksiya doirasida YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi maxsus murojaat bilan chiqqan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring