Yevropa Ittifoqi Gruziyani jiddiy «jazolamoqchi»
Yevropa Ittifoqi yaqin orada Gruziya fuqarolarining Shengen hududi mamlakatlariga vizasiz sayohat qilish haqidagi kelishuvni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda YeIning Tbilisidagi elchisi Pavel Gerchinskiy Movement portaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Diplomat bu qadamga Gruziya parlamenti tomonidan nodavlat-notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining Adliya vazirligining maxsus reestrida ro‘yxatga olinishini nazarda tutuvchi «Tashqi ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilingani sabab bo‘lganini yashirmadi. Gruziyada «Rossiya qonuni» sifatida mashhur bo‘lgan bu loyiha yaqinda parlament spikeri tomonidan imzolandi.
Pavel Gerchinskiyning ta’kidlashicha, Yevropa Kengashining iyun oyida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida qaror qabul qilish uchun «Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning yarmidan bir oz ko‘proq ovozi» yetarli.
«Biz Gruziya bilan viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha kelishib oldik, lekin ma’lum shartlar bilan. Endi biz bu shartlar amalda yoki yo‘qligini tekshirishimiz kerak», — ta’kidladi Yevropa Ittifoqi vakili. Shu bilan birga, u Gruziyaning oddiy fuqarolari bunday qarordan aziyat chekishini ta’kidladi, bu YeIning maqsadi emas. Rasmiy ravishda, vizasiz rejimning to‘xtatilishiga Tbilisining Yevropa Ittifoqi oldidagi majburiyatlarini, shu jumladan, inson huquqlari va demokratik me’yorlarni hurmat qilish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagani sabab bo‘lishi mumkin.
Bugun, 5 iyun kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze elchi Gerchinskiyga javob qaytardi. Bosh vazirning aytishicha, dunyoda hech kim «gruzin xalqini jazolay olmaydi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter