Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevrokomissiya rahbari kim bo‘ladi?

Yevrokomissiya rahbari kim bo‘ladi?

Foto: «Euronews»

Yevropa parlamentiga saylovlar o‘tkazilganidan keyin bir savol ochiq qolmoqda: Yevrokomissiyaning Bryusseldagi raisi Jan-Klod Yunkerning o‘rnini kim egallaydi? Bu haqda «Yevronyus» (Emma Besvik) sharhida so‘z boradi.

Hozirgi vaziyatda tarozining pallasi shu tobgacha salgina farq bilan «tepa»da kelayotgan partiyalar tomonidan yangi o‘yinchilar sari siljigani yaqqol ko‘rinmoqda.

Hammasi Bryusseldagi yuqori darajadagi uchrashuvlarga (seshanba, 28-may) bog‘liq, shu yerda Yevrokomissiya rahbari saylanishi jarayoni hamda Yevropa parlamenti saylovlariga qadar «Ko‘hna qit’a»ning yirik fraksiyalari YeI bo‘lg‘usi rahbari nomini tasdiqlash uchun taqdim etadigan «kuchli nomzod» prinsipidan voz kechish haqida bir to‘xtamga kelinishi kerak.

Mabodo  «kuchli nomzod» tamoyili o‘zgarishsiz qolsa, oliy lavozimni to‘rt asosiy partiyaning yetakchi nomzodlaridan biri: Manfred Veber (Yevropa xalq partiyasi, YeXP), Frans Timmermans (Sotsial-demokratlar), Margret Vestager (Liberal-demokratlar — ALDE) yoki Ska Keller («Yashillar») egallashi mumkin.

«Kuchli nomzod» («Spitzenkandidat») prinsipiga ko‘ra, saylovlardan so‘ng eng yirik koalitsiya tepasida turgan Yevropa partiyasi yetakchisi Yevrokomissiya raisiga aylanadi.

Agarda shu paytgacha dominant bo‘lib kelgan bu tamoyil chetga surib qo‘yilsa-chi? Unda boshqa nomzodlar, masalan, YeXP nomzodlari — YeIning «Brexit» bo‘yicha bosh muzokarachisi Mishel Barne va Kristalina Georgiyevalarga ham «katta sahna» sari yo‘l ochiladi.

«Spitzenkandidat» tamoyili Yevropa bloki rahbarlari o‘rtasiga raxna solgani nazarda tutilsa, xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Lyuksemburg bosh vaziri Ksave Bettel bu tizimni «ahmoqona g‘oya» deyishgan, undan voz kechishlari ham ehtimoldan yiroq emas.

Bukmekerlar kim tomonida?

Bukmekerlik idoralari nazarida yaqqol favorit — Bavariya xristian-sotsialistlari ittifoqi a’zosi, YeXP yetakchisi Manfred Veber. Aytishlaricha, uning Yevrokomissiyani boshqarish imkoniyatlari salkam 60 foizga teng. Shuniyam unutmaylikki, yarim yilgina oldin uning imkoniyatlari naq 80 foizga baholangandi.

«Breksitchi» Mishel Barnening imkoniyatlari ham chakki emas — 6/1 yoki 14 foiz, ammo unda ham yo‘qotish bor — hozir fransuz siyosatchisi britan bukmekerlari yarim yil avval qilgan prognoz ko‘rsatkichining uchdan bir qismini yo‘qotgan.

Yevropa xalq partiyasi nomzodlarini niderlandiyalik sotsialist Frans Timmermans (12,5 foiz) va hozirda raqobat bo‘yicha yevrokomissar, daniyalik Margret Vestager (10 foiz) ta’qib qilishmoqda.

Yevrokomissiyada ko‘pchilik kim tarafida?

«Liberallar parlamentda YeXP va sotsial-demokratlardan kuchli bo‘lishadimi — buni kuzatish qiziq, chunki so‘nggi ikki partiya juda ko‘p ovoz yo‘qotdi va uchinchi kuchga tayanishlariga to‘g‘ri keladi», — dedi Sciences Po Parij oliy maktabining Yevropa munosabatlari bo‘yicha professori Didak Guterres Peris.

Manfred Veber favorit, biroq hozirgi yuqori darajadagi siyosiy rang-baranglik nomzodlar ro‘yxati kengayib boraverishidan dalolat bermoqda, deya ta’kidlaydi Peris.

«O‘ylashimcha, Yevropa Ittifoqi oxirgi sammitlarida juda aniq signal berdi: Yevrokomissiya ayol kishi qo‘liga topshirilishi kerak, albatta bu faktor o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi», — qo‘shimcha qildi ekspert.

Peris liberallar yetakchisi Margret Vestager va boshqa tajribali ayol-siyosatchilar Yevrokomissiyani boshqarishi mumkinligiga shama qilmoqda.

Vestagerning Fransiya prezidenti Makron bilan orasi soz emasligi uning foydasiga o‘ynamaydi albatta, biroq ular til topishib ketishlari mumkin, YeIning hozirgi rahbariyati eng katta lavozimlardan biriga ayol kishi kelishidan manfaat izlamoqda: yo Yevrokomissiyaga yoki bo‘lmasa Yevropa ittifoqining raisligiga!

Tashqi nomzodlar

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte o‘zining navbatdagi Yevrokomissiya raisi bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlarni doim inkor etib kelgan va mandatini bosh vazirlikda yakunlash xohishini bildirgan. Shunga qaramasdan, Ryutte potensial nomzod — bukmekerlar uni ro‘yxatdan o‘chirishgani yo‘q (garchi uning «omad koeffitsiyenti» 5 foizga baholanayotgan bo‘lsa-da).

Yana bir ehtimoliy nomzod sifatida YeXPning o‘zagini tashkil etuvchi Yevroparlamentdagi eng yirik milliy partiya — Xristian-demokratlar ittifoqi yetakchisi Angela Merkel ko‘rilmoqda. Ammo Germaniya rahbari sifatida faoliyati yakuniga yetib borayotgan Merkelning YeIdagi yuqori lavozimga nomzodini ilgari surishi ehtimoli juda past baholanmoqda.

Jan-Klod Yunker

Agarda Yevrokomissiyaga yangi rahbar topish jarayoni juda cho‘zilib ketsa, amaldagi rais — Jan-Klod Yunkerning vakolati cho‘zib berilishi ham mumkin. Darvoqe, Yevropa ittifoqining hozirgi rahbari Donald Tusk bu lavozimga uchinchi urinishda saylangandi, undayam bu voqea 2014-yidan keyin, anchayin ahillashgan Yevroparlamentda sodir bo‘lgandi. Hozir esa, ta’bir joiz bo‘lsa, «quroq parlament» davrida Yunkerga yana bir imkoniyat berishlaridan ko‘ra yozda qor yog‘ishiga ishongan ma’qul.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring