Yetti kishining azasiga sabab bo‘lgan to‘y
Men shtatida to‘y marosimi koronavirus o‘chog‘iga aylandi. Natijada 177 mehmon kasallikka chalinib, yetti kishi olamdan o‘tdi. Bu haqda Amerika kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika qilish markazi xabar berdi.
Muassasada COVID-19 bilan kasallanishning ayrim holatlari tahlil qilinib, ularning hammasi 55 kishi ishtirok etgan bitta tadbir — to‘y marosimi bilan bog‘liq, degan xulosaga kelishdi. To‘y ilgari birorta ham koronavirusni yuqtirish holati qayd etilmagan va 4500 aholidan iborat kichik shaharchada bo‘lib o‘tgan.
Koronavirusga topshirilgan testlarning ilk musbat natijalari to‘y marosimidan besh kun o‘tib olindi: ikki mehmon tomog‘i og‘rigani, isitmasi chiqqani va quruq yo‘tal tutgani haqida ma’lum qilishdi. Keyingi kuni yana uch kishi shunga o‘xshash alomatlardan shikoyat qilishdi, ularda ham koronavirus aniqlandi. Kasallanganlar soni ko‘paygandan so‘ng ekspertlar yangi virusni yuqtirganlar orasidagi aloqani izlab topishga urinishdi va aynan to‘y virus o‘chog‘iga aylangan, degan xulosaga kelishdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, u karantin qoidalarining buzilishlari zamirida yuzaga kelgan: umumiy mehmonlar soni 50 kishilik chegaradan oshib ketgan, ustiga-ustak, niqob taqishmagan, ijtimiy masofa saqlashni aytmasa ham bo‘ladi.
Keyinchalik koronavirus 55 mehmondan 27 nafarida aniqlangan. Shuningdek, to‘y marosimi bo‘lib o‘tgan restoran xodimlari ham kasallikka chalinishgan. Keyin virus birinchi yuqtirganlarning ikkilamchi aloqalari orqali tarqala boshlagan: hatto, to‘yxonadan yuzlab kilometr uzoqlikda joylashgan qamoqxona, qariyalar uyigacha ham yetib borgan.
Mehmonlardan biri tadbirning ertasiga koronavirus alomatlarini sezgan, lekin test natijalari bir haftadan keyingina ma’lum bo‘lgan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, vafot etganlar va shifoxonaga yotgan bemorlar orasida to‘y mehmonlari bilan bevosita aloqador bo‘lmagan birorta ham odam qayd etilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter