YeTTBdan Samarqandda jamoat transportini yaxshilash uchun qarz olindi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan Samarqand shahri jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilishga 49 mln AQSh dollari miqdorida qarz olindi.
3 yillik imtiyozli davr bilan 18 yilga olingan mazkur qarz bitimi O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida 2023-yil 17-may kuni imzolangan va loyihani amalga oshirish muddati 3 yil etib belgilangan.
Loyiha doirasida «Samarqandyo‘lovchitrans» davlat korxonasi Xitoyning «Yutong Bus Co., Ltd» kompaniyasidan jami 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasini xarid qilish bo‘yicha jami 29,7 mln dollarlik shartnoma imzolagan.
Mazkur shartnomaga ko‘ra, 2023-yilning may oyida 6 ta elektrobus va 3 ta quvvatlash qurilmasi olib kelingan edi.
Shuningdek, Xitoydan 2024-yilning 1-choragida 30 ta elektrobus va 15 ta quvvatlash qurilmasi, 2-choragida esa 64 ta elektrobus va 32 ta quvvatlash qurilmasini keltirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 61,99 mln dollar bo‘lib, shundan 12,99 mln dollari O‘zbekiston Respublikasining ulushi hisoblanadi.
Bunda Samarqand shahrida haydovchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazini o‘z ichiga olgan, harakat tarkibini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun mo‘ljallangan avtobus saroyini rekonstruksiya qilish va tashqi elektr ta’minoti ob’yektlarini qurish ham nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter