Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eski ro‘mol va qadoq qo‘llar: qishloqning oddiy bog‘bon ayoli bilan suhbat

Eski ro‘mol va qadoq qo‘llar: qishloqning oddiy bog‘bon ayoli bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

Odatda OAVda katta lavozimli va mashhur insonlar haqida yozishadi. Ular haqidagi ma’lumotlar doim diqqat markazda bo‘ladi. 

Ammo shunday insonlar borki, ular juda oddiy bo‘ladi, mehnati bilan jamiyatga foydasi tegib turadi. 

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanining Katta To‘pchoq qishlog‘ida yashovchi Oynisa Abdiyeva shunday ayollardan. 

Oynisa Abdiyeva o‘zining ta’biri aytganda «bir parchagina» yerida uzzukun mehnat qiladi. Yeri ham juda ko‘p emas, qirq sotixga yaqin. Ammo kuzda shu yerdan tonna-tonna uzum hosili ko‘tariladi. 2019-yilda bu uzumzorlarda naq 13 tonna uzum yetishtirilgan...

Foto: Xabar.uz
Foto: Xabar.uz

— O‘tgan yili esa boshimizga ko‘p sinovlar keldi. Uzum kurtak chiqarib, uyg‘ongan mahal qor yog‘di. May oyida esa do‘l yog‘ib, qolgan hosildan ham mosuvo bo‘ldik. Million-million zarar ko‘rdik. Ammo nolish kerak emas, uzum jonivor har yili hosil beradi. Bu yil kuzda nasib bo‘lsa, 13-14 tonna hosil kutmoqdaman —, deydi qahramonimiz. 

Yer doim e’tiborni talab qiladi. Uzum ayrimlar o‘ylaganiday mehnati oson ekin emas. Yoz bo‘yicha ichida g‘imirlab, e’tibor berish, yovvoyi o‘tlardan tozalash, kerakli o‘g‘it va dorilarni berib turish kerak. Shira, kul va turli hasharotlar uzumning dushmanidir. Xullas, kuzdagi hosilga osonlikcha erilishilmaydi. 

Foto: Xabar.uz

 

Foto: Xabar.uz

— Yolg‘iz o‘g‘lim Rossiyada ishlaydi. Xo‘jayinim bilan ikki kishi uzumzorimizda mehnat qilamiz. Yana bir yaxshi tomoni, bu yerda qoramollarimizni ham boqamiz. Qishloqda mol boqmaslik uyat. Sut-qatiq, hatto tezagigacha foyda (qishloqda gaz yo‘q — muallif). Xullas, faqat bog‘dorchilik emas, chorvaga ham imkon bor —, deydi Oynisa opa. 

Opaning aytishicha, erkaklarning katta qismi xorijga ishlagani ketishi sabab, og‘ir yumushlar ham ayollar zimmasiga tushadi. Lekin qishloqda kunbay ishlovchi ayollarning ish haqi erkaklarnikidan ancha past. Lekin, hozir birovdan yordam kutadigan zamonmas. Halol mehnatmi, undan qo‘rqmaslik va qaytmaslik kerak, deya ta’kidlaydi Oynisa Abdiyeva. 

Opaning mehnatiga suratlar orqali ham baho berish mumkin. 

Ulug‘bek Oripov tayyorladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring