Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ertadan boshlab o‘zbekistonliklar Tojikistonga vizasiz borib-kelishi mumkin

Ertadan boshlab o‘zbekistonliklar Tojikistonga vizasiz borib-kelishi mumkin

Foto: O‘zA

Avval xabar berganimizdek, 2018-yilning 9–10-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga tashrifi doirasida fuqarolarning o‘zaro kelib ketishlari to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolangan edi. Unga ko‘ra ikki davlat fuqarolari 30 kungacha vizasiz o‘zaro safar qilishlari mumkinligi aytilgan edi.

O‘zbekiston fuqarolari ertadan Tojikiston Respublikasiga vizasiz borib-kelishi mumkin. Bu haqda Tojikistonning «ASIA-Plus» media-guruhi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, bugun, 2018-yilning 19-mart kuni Tojikiston parlamenti O‘zbekiston bilan imzolangan «Ikki davlat fuqarolarining bir-birining hududida bo‘lishi tartibi to‘g‘risida»gi bitimni ratifikatsiya qildi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi spikeri Shukurjon Zuhurov Tojikiston poytaxti Dushanbeda shu yilning 9 mart kuni imzolangan bitimni tarixiy hujjat deb baholadi. U Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligiga bitim ratifikatsiya qilingani va O‘zbekiston fuqarolari 20-martdan boshlab Tojikistonga vizasiz kelib-ketishi mumkinligi haqida Toshkentni rasman xabardor qilish haqida topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 14-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2018-yil 9-mart kuni imzolangan fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan va mazkur hujjatga muvofiq Tojikiston Respublikasi fuqarolariga 2018-yil 16-martdan boshlab O‘zbekistonga vizasiz safar qilish imkoni yaratilgan edi. «Tojikistonliklar, mana, to‘rtinchi kundirki, ushbu imkoniyatlan bahramand bo‘lib kelmoqda», deb yozmoqda «ASIA-Plus ».

Kelishuvga muvofiq Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari ushbu davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz safar qilishlari mumkin. Bundan tashqari, fuqarolar uch ish kuni mobaynida to‘xtagan joyida ro‘yxatdan o‘tishi talab qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring