Erining o‘ynashini «tiz cho‘ktirgan» ayol jazoga tortildi
Buxoro viloyati, Jondor tumanida turmush o‘rtog‘ining jazmanini videotasvirga olib, uni «samosud» qilgan ayol jarimaga tortildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.
Holatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda «Ayol erining o‘ynashini tiz cho‘ktirdi» mazmunidagi video tarqalgan. Unda turmush o‘rtog‘i bilan xufyona uchrashib kelgan ayolni tiz cho‘ktirgan holda eri bilan boshqa uchrashmaslikka da’vat qilgan ayol suhbati aks etgan.
Mazkur videolavha yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganuv ishlari olib borilgan. Unga ko‘ra, Jondor tumanidagi «Pahlavon» mahallasida yashovchi 29 yoshli Z.F. o‘z turmush o‘rtog‘i bilan tumanning «Yangiobod» mahallasida yashovchi D.D.ning ishqiy munosabatda bo‘lib kelayotganini aniqlagan. Va u D.D.ni izlab topgan. Nafrat tuyg‘usi ortgan Z.F. D.D.ni yakka holda ushlab, nafaqat eri bilan, balki boshqa erkaklar bilan ham birovlarning oilasini buzib, yana ishqiy munosabatni davom ettirmaslikka da’vat etgan. D.D.ni tiz cho‘ktirib, uning holatini videotasvirga olgan.
Shundan so‘ng fuqaro D.D. tuman ichki ishlar bo‘limiga Z.F. bu hatti-harakatlari bilan uning qadr-qimmatini kamsitganlikda, nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganlikda ayblab murojaat qilgan.
Viloyat IIB mas’ul xodimlarining holat yuzasidan olib borilgan ish yuzasidan rasmiy munosabat berilgan. Va tegishli tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Mazkur ma’muriy ish hujjatlari mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.
Tuman sudining qaroriga ko‘ra, fuqaro Z.F. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasida (Haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli, deb topilgan. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari, ya’ni 1.200.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida muhokamaga aylangan. Ular o‘rtasida «Nega boshida eri bo‘la turib, boshqa birovning eri bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan ayol emas, balki uni ogohlantirgan ayol jarimaga tortilib, tovon to‘layapti? Vaholanki, fahsh yo‘lni tanlagan ayolni tiz cho‘ktirib, so‘roq qilgan ayol suhbatida hech qanday haqoratli so‘zlar yo‘q! Birovning oilasini buzib, uning eri bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan ayol nega jazosiz qolyapti?» — degan savollar oshgan.
«Z.F. bunday vaziyatda holat yuzasidan o‘zi qaror chiqargan holda o‘zi jazolashga uringan, ya’ni «samosud» qilgan. Buni esa qonunlarimiz rad etadi. U zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishi va holatga oydinlik kiritib berishni talab qilishi lozim edi. Birovni kimsasiz joyda tiz cho‘ktirgan holda so‘roqqa tutish, unga talablar qo‘yish va yetmagandek, bu holatni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib yuborish ortida inson sha’ni va qadr-qimmati turadi. Unutmaylikki, fuqaro fohisha, o‘g‘ri, qotil, huququbuzar bo‘lsin, ammo uning ortida inson shaxsi yotadi», — deya javob bergan Shuhrat Jalolov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter