«Eng minalashgan mamlakat» Ukrainaga yordam beradi
Yaponiya va Kambodja ukrain sapyorlarini tayyorlashga kelishib oldi. Tegishli bitim bugun Tokioda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Yoshimasa Xayyashi va Prak Soxonn tomonidan imzolandi.
«Ukrainskaya pravda» yozishicha, 2022-yil kuzida prezident Vladimir Zelenskiy Kambodja hukumatidan shu yo‘sinda yordam so‘ragandi. Gap shundaki, 1970–1990-yillardagi urushlardan so‘ng Kambodja jahondagi «eng minalashgan mamlakat» edi. Bu yerning sapyorlari eng tajribali hisoblanadi, ular ko‘p marotaba BMT taklifi asosida turli mamlakatlarni minadan tozalashda ko‘maklashishgan.
Shu yil yanvar oyida Kambodja Ukraina davlat favqulodda vaziyatlar xizmatining 15 nafar sapyorini o‘qitishga rozilik bergandi. Endi yaponlar ham ukrainlarni o‘qitishga qo‘shilmoqda.
Ukraina hukumati 2022-yilning noyabr va dekabr oylarida bergan bayonotlarga ko‘ra, mamlakat hududining 30 foizini minalardan tozalash kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter