Eng boy insonlar bir kunda $139 mlrd. yo‘qotdi yoki 93 ta Burj-Xalifa
TASS xabariga ko‘ra, kecha, 24-fevral kuni dunyodagi eng boy 500 kishi, umumiy hisoblanganda, 139 mlrd. dollar yo‘qotdi. «Bloomberg» agentligi yozishicha, bunda AQSh va boshqa mamlakatlarda shu kungi fond birjalarida indekslarning keskin pasayib ketgani «aybdor».
Reytingga kirgan boylar agentlik o‘z kuzatuvlarini boshlagan 2016-yilning oktyabridan beri bunchalik ko‘p yo‘qotishga uchramagandi.
Qancha tez boyisang, shuncha tez yo‘qotasan
«LVMH» («Louis Vuitton Moet Hennessy» (Fransiya) kompaniyalari guruhi rahbari Bernar Arno hamda «Amazon» korporatsiyasi boshqoni Jeff Bezos, ya’ni dunyoning eng boy insonlari hammadan ko‘proq yo‘qotishdi — har biri $4,8 mlrd.dan.
Shunga qaramay, Bezos — «dunyodagi eng boy» maqomini saqlab qoldi, Arno endi uchinchi o‘rinda.
«Zara» (Ispaniya) savdo tarmog‘i sohibi Amansio Ortega «qora dushanba»dan $4 mlrd. zarar bilan chiqdi, «Facebook» asoschisi Mark Sukerbergda $3,48 mlrd., «Google» hamasoschisi Larri Peyjda $2,7 mlrd.lik kamomad.
Nega bunday bo‘ldi?
Koronavirus! Xitoydan tarqagan virus jahon iqtisodiyotiga jiddiy talafot yetkazishi mumkinligi haqida tarqagan xabarlar fonida dushanba kungi birjada kotirovkalar quladi.
Xususan:
Amerikaning sanoat indeksi — Dow Jones 1031,61 punktga (3,56 foiz) qisqarib, 27 960,80 punktda «qotib» qoldi.
AQShning 500 ta eng yirik kompaniyasini qamrab olgan S&P 500 indeksi esa 111,86 punktga pasayib (3,35 foiz), 3225,89 punktda to‘xtadi.
Nasdaq elektron birjasi indeksida 355,31 punktga (3,71 foiz) qisqarish ro‘y berdi, yakuniy natija — 9221,28 punkt.
139 mlrd. dollar haqida
Global bozorga solishtirilganda, 139 mlrd. dollar, balki «arzimas chaqa» bo‘lib tuyular, biroq boshqacha rakursdan yondashilsa, hech ham undaymas: masalan, Ukrainaning yillik yalpi ichki mahsuloti taxminan shunga teng yoki Rossiyada muomalada yurgan jami milliy valyuta (rubl) qiymati shundan sal ko‘proq. Yanayam soddaroq tushuntirganda, shuncha pulga dunyodagi eng baland Burj-Xalifa (Dubay)ga o‘xshagan minoralardan yana 93 tasini qurish mumkin!
Ma’lumot uchun: Yangi turdagi koronavirus («COVID-19»)dan kasallanish birinchi marta 2019-yilning dekabr oyi so‘nggi kunlarida Markaziy Xitoyning eng yirik shahri — 12 millionlik Uxanda qayd etilgandi. Kasallik Xitoy tashqarisida ham tarqab ketganidan keyin JSST global favqulodda holat e’lon qildi.
Xitoyda jami kasallanganlar soni 77,6 ming nafardan oshgan, shundan 27,2 ming nafar bemor tuzalib ketgan, 2663 ta holatda o‘lim qayd etilgan.
Ayni paytda Xitoydan tashqari yana 32 mamlakatda koronavirus aniqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter