Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Eng baxtli, yo‘q-yo‘q, eng baxtsiz kunim... to‘yimning ertasi...»

«Eng baxtli, yo‘q-yo‘q, eng baxtsiz kunim... to‘yimning ertasi...»

Qora og‘u girdobida qolganlar

Respublika ixtisoslashgan narkologik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida davolangan va davolanishda davom etayotgan bemorlar bilan suhbat.

David lablarini tishlar, titrab-qaqshab qaltirardi. Militsiya xodimlari qarshisida o‘zicha vaysardi:

«Xumor... xumor tutayapti... La’natlar bo‘lsin bu og‘uni tatib ko‘rgan kunimga. Uni menga berganlarga la’nat!»

Ha, bu holat ashaddiy giyohvandning uzuq-yuluq so‘zlari, o‘z qilmishlaridan afsus-nadomatlari.

Aholining turli qatlamlari orasida giyohvandlik illati domiga tushib qolish holatlari ko‘payib bormoqda. Vaqtincha rohat bag‘ishlovchi (ko‘knor, qoradori, kokoin, geroin) moddalari odamning jismoniy va aqliy faoliyatini asl holiga kelmas darajada buzib, ruhiy xastalikka duchor qiladi.

Quyida giyohvandlik girdobiga tushib qolgan, so‘ngsiz pushaymon chekayotgan kimsalar bilan suhbatni havola etamiz. Suhbat bevosita Respublika ixtisoslashgan narkologik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida davolangan va davolanishda davom etayotgan bemorlar bilan o‘tkazildi.  Bemorlarning oilaviy ahvoli inobatga olinib, ularning ism-shariflari to‘liq ko‘rsatilmagan.

I.O., Buxoro shahri, 1972 yilda tug‘ilgan.

- Sizni giyohvand moddalarni iste’mol qilishga nima majburladi?

- Eng baxtli, yo‘q-yo‘q, eng baxtsiz kunim... to‘yimning ertasi...

- Tushunmadim?

- ... jo‘ralar oldida g‘ururim yakson bo‘lgan kun. Taqdirimdan o‘kinib, shu yo‘lni tanladim. Va yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilganimni kech angladim.

- Bu yerga davolanish uchun juda ko‘p marotaba kelgan ekansiz?

- To‘g‘ri, meni og‘ir holatlardan biroz bo‘lsa-da uzoqlashtirayotgan tibbiyot xodimlariga rahmat. Lekin, irodam yetmayapti. Suyaklarim zirqirab og‘rib, oyoq-qo‘llarimda titroq paydo bo‘lganida, ya’ni shu moddaga ehtiyoj sezganimda o‘limga-da rozi bo‘laman.

- Axir, ikkinchi turmushingiz, bolalaringiz bor ekan. Ularning kelajagi sizning bugungi taqdiringiz bilan bog‘liq-ku?

- ...

- Oilangizni o‘ylasangiz-chi?

- Ulardan kechirim so‘rayman. Qanday bo‘lmasin, qiyinchiliklarni yengib o‘tib, qolgan hayotimni oilamga bag‘ishlashga, to‘liq davolanishga ko‘p bor bel bog‘ladim. Biroq...

I.ning ahvoli ayanchli. Uning bu yo‘ldan qaytishiga ishonib-ishonmaydi kishi. Ko‘p marta o‘zida iroda, kuch topolmagan bemor endi o‘z hayot yo‘lini qayta izga solib keta olarmikan?

Markaz direktori Jahon Xolovning so‘ziga ko‘ra, yoshlar orasida giyohvandlik har yiligiga nisbatan oshib bormoqda. Bunday holat nafaqat, oilasi e’tiboridan chetda qolgan, balki hayotda o‘rnini topish uchun harakat qilayotgan va mol-dunyo ketidan quvgan yoshlar o‘rtasida ham avj olmoqda.

Navbatdagi suhbatdoshimiz g‘ijduvonlik Sh.T. bo‘ldi. Bu «qahramon»imiz yosh bo‘lishiga qaramay, to‘rt yildan buyon giyohvand moddalarni iste’mol qilar ekan. Kichik jussali, qop-qora ko‘z qoshli, husndor bu yigitni bu yo‘lga kim yetakladiykin?! Tuppa-tuzuk, ko‘zga yaqin, ayni sevgi yoshidayoq yo‘ldan adashgan Sh. o‘z «do‘st»larini la’natlaydi.

 — Tijorat bilan shug‘ullanaman. Jo‘ralar ko‘p. Bundan bir necha yil burun tovar olib kelish uchun qo‘shni mamlakatga jo‘nadik. U yerda ahvol biznikidan tamoman boshqacha. Hech kim bilan birovning ishi yo‘q. Savdo uchun tijorat mahsulotlarni arzon-garovga oldik. Buni «yuvish» uchun jo‘ralar to‘planishdik. Xuddi shu kezda atrofimdagilar «haligi»dan o‘zlariga o‘tkaza boshladilar. Birinchi marta ko‘rayotganim uchunmi, negadir, menda biroz qo‘rquv paydo bo‘ldi. O‘rnimdan turib ketmoqchi bo‘ldim. Ular «yigitchilik»ni o‘rtaga solishdi. Oriyat kuchlilik qildimi, yo shayton yo‘ldan urdimi, men ham o‘zimni «ko‘rsatgim» keldi. Ilk bor narkotik qabul qilganimda... unga o‘rganib qoldim. Yarim kecha uyqudan kechib bo‘lsa ham uyimdagilardan yashirinib, biznikidan bir tosh yo‘l narida yashaydigan o‘rtog‘im bilan «hisoblashib» kelaverdim. Oqibatda do‘zaxga tushib qolganimni bilmay qolibman.

— To‘rt yil davomida iste’mol qilib kelganingizni sezishmagan, bundan tashqari,sizga bu vositani yetkazib beruvchilarni ham nahotki, ko‘rishmagan?!

Yo‘q, pul juda ko‘p. Haligilardan ham yetarli edi. Xuruj kuchayaversa, zudlik bilan uni qabul qilardim. Uyimdagilar esa savdoda ko‘p yuradi, charchab qolgan, deb o‘ylashardi. Ammo, o‘tgan yilning yozi edi. Og‘riq yarim kechada, kutilmaganda paydo bo‘ldi. Endigina uni qabul qilayotgan edim, titroq zo‘rligidan qo‘limdagi shprits tushib ketdi. Onam ko‘rib, qo‘rqib ketdilar. Akam esa gapning nimada ekanligini tushunib, rosa tepkilaganlar.

«To‘g‘ri boshga tayoq tushmas» deydilar...

Akamdan xafa emasman. Kuyingandan kaltakladilar-da! Men esa hurmatini qozona olmadim. Onamning ahvolini esa ta’riflay olmayman.

— Tuzalib ketishingizga ishonasizmi?

— Ikki yil to‘liq davolanmoqchiman. Shifokorlarning aytishicha, shundagina tuzalib ketaman.

Sh. bilan suhbatimiz anchagacha davom etdi. U o‘z xatolarini tushunmoqda. Faqat, ko‘karayotgan kezida egilgan niholni yana novdalanayotgan chog‘ida «jo‘ra»lar qayirib qo‘yishmasa, bas.

Buxoro tumanida tug‘ilgan O.O‘.ni avvaliga 40-45 yoshlarda bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Yo‘q, endigina 32 yoshga kirgan bu yigit giyohvandlik oqibatida yoshlikning eng totli onlarini keksalikka berib qo‘yibdi. Ko‘zlari ostidagi so‘niq qaboqlar, yuzlaridagi horg‘inlik va tashnalik kishi ko‘nglini cho‘ktirib yuboradi.

— Pul, pul sababchi bo‘ldi hammasiga. Pulning ko‘pligi ham yigitning sho‘ri ekan. Pushaymonman, ming-ming afsusdaman.

Farzandlaringiz bormi?

— Ikki qizim bor. Ertaga ostonamga sovchilar kelishini, falonchi giyohvandning qizi-ku, degan gap-so‘zlar bo‘lishini o‘ylamabman.

Kasbingiz?

 Savdo bilan shug‘ullanardim.

 Balki, o‘zingiz ham giyohvand moddalarni tarqatishda...

— Yo‘q, men faqat sotib olib iste’mol qilganman.

O.ning ozib ketgan jussasi, bo‘rtib chiqqan qo‘l tomirlari, undagi igna izlari, nigohlaridagi pushaymonlik dog‘lari yoshlikdan benasib «qariya»ni eslatardi.

Bemorlar bilan suhbatlashib chiqsak-da, dilimizda yana bir talay savollar qoldi. Xo‘sh, bunday holatlarning kamayish o‘rnida ortib borayotganining boisi nima?

«Giyohvandlik domiga asosan, 14-20 yoshdagilar tushib qolmoqda. Bu yoshdagilar nihoyatda qiziquvchanligi, kattalarga ergashuvchanligi, o‘zining har ishga qodir ekanligini namoyish etish maqsadida o‘ylamay-netmay, shu ishga qo‘l uradilar. Balog‘at yoshidagilarning hatti-harakatini nazorat qilib turish, nafaqat, ichki ishlar idoralari, balki, ota-onalar, maktab, kollej jamoasi, shuningdek mahalla-ko‘yning ham vazifasidir. Eng achinarlisi, giyohvandlik bilan bog‘liq holda sodir etilayotgan jinoyatlarning uchdan ikki qismi 30 yoshgacha bo‘lganlarga to‘g‘ri keladi. Ota-onalarning ham ichkilikka mukkasidan ketishi bolalarni xavfli illatlar sari yetaklamoqda.  Giyohvandlikka berilgan kishilar odamiylik, insonparvarlik, qon-qarindoshlik rishtalarini, or-nomus, urf-odat va mulozamatlarni butunlay unutadi. Rahm-shafqat, mehr-oqibat tuyg‘ularidan uzoqlashib ketadi. Kimdir to‘qlikka sho‘xlik qilib bu yo‘lga kirsa, boshqasi o‘zi bilmagan holda aldovlar natijasida bu yo‘lga kirib qoladi. Giyohvandlik balosi insoniyat uchun ijtimoiy xavfli va og‘ir oqibatlarga olib keladigan turli  jinoyatlarga, shuningdek, pala-partish, tartibsiz hayotga, ya’ni zinokorlikka boshlaydi», — deydi Jahon Xolov .

Navbatdagi yosh suhbatdoshimiz esa bu yo‘lga qanday kirib qolgani haqida so‘zlaydi.

«Ota-onam o‘tgach, ikki akam bilan hovlida qoldik. Maktabni tugatganimdan so‘ng yangamlarning siquvi bilan ko‘chada qoldim. Akamlarni ham mening taqdirim qiziqtirmasdi. 19 yoshga yetmay turib, poytaxtga ishlash uchun bordim. Somsapazga yordamchi bo‘ldim. U uyiga olib ketar, qornimni to‘yg‘izar, ust-boshimga qarardi. Ayni qiziqqon yoshdaman. Mehrga, yaxshi so‘zga muhtojman. Har kuni oilasida janjal chiqadigan somsapaz shefim esa bir kuni asabiy ahvolda sahar bilan hovlisidan chiqib ketdi. Yosh ayoli esa meni noz-qarashmalari bilan o‘ziga bog‘lab qo‘ydi. Bu qanday sodir bo‘ldi, o‘zim ham anglolmagandim o‘shanda. Ammo, bora-bora, shefimning ayoli  bilan xufyona uchrashuvlar ortib boraverdi. Kunlarning birida ayol meni barzangi-barzangi tanishlari bilan uchrashuvga olib ketdi. U davrada «chilim» aylandi. Tatib ko‘rishga meni ham majburlashdi. Man esa boshi berk ko‘chaga tushib qolgandim. Ham giyohvandlikka, ham qizlarga berilib ketdim. Oqibat ham SPIDga chalindim, ham qora og‘u girdobida qoldim. Shefim esa o‘z uyida xiyonat qaynaganidan xabarsiz edi. Ahvolim og‘irlashavergach, somsa sotishga ham yaramay qoldim. Shunday kunlarning birida Quyliq bozorda tog‘amning o‘g‘lini uchratib qoldim. Dardimni to‘kib soldim. U meni qo‘yarda-qo‘ymay, Buxoroga olib keldi. Mana shu shifoxonaga topshirdi. Ham OITS markazida, ham ushbu dispanserda davolanayapman. Yetimning qismati og‘ir ekan. Ayniqsa, na otasi, na onasi bo‘lsa. Qolgan hayotim qanday davom etadi, bilmadim. Ammo, bilganim shu... gohida baribir, ertami-indinmi, o‘laman-ku, degan haqli og‘riq ezib yuboradi. Yelkamda ham kechirim bo‘lmas dard – gunoh bor. Ana shunday paytlarda menga shifokorlar va tog‘amning o‘g‘li dalda bo‘layapti. Hozircha yashayveray-chi...», — deydi Buxoro shahrilik 22 yoshli M.Sh.

Respublika iktisoslashtirilgan narkologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali ilmiy ishlar va tashqi aloqalar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Azamat Fayziyevning ma’lum qilishicha, surunkali alkogolizm hamda giyohvandlik kasalligiga chalingan shaxslarni aniqlash va dispanser nazoratiga olish birlamchi kasallanish oshgan. O‘tgan yilning mos davriga qadar joriy yilda «D» ro‘yxatga olinganlar soni 200 nafardan 214 nafarga oshgan. Birlamchi kasallanish 7 foizga ko‘paygan.

«Boshqa kasalliklardan farqli o‘laroq, giyohvandlik va alkogolizm kasalliklarining ijtimoiy xavfi yuqoriroq. Vaholanki, ular bir paytning o‘zida atrofidagi 10-15 kishini o‘zining surunkali xastaligi domiga chorlaydi. Demak, ularda qo‘shtirnoq ichida «kengayish» kuchliroq. Shunday vaziyatda ham bemorlarni aniqlashda tajribali narkolog shifokorlarning bilim saviyasi juda qo‘l keladi. Ularning tajribali yondashuvlari bilan viloyatdagi 7 ta tuman va filialda punktlar tashkil etildi. Filial bo‘yicha  2022 yil 6 oyida 2612 nafar fuqaro, shulardan 174 nafari ayollar. 2023 yil 6 oyida esa 350 nafar fuqaro, shulardan 19 nafari ayollar olib kelingan va yordam ko‘rsatilgan. Shofirkon, Peshku,  Romitan, Qorovulbozor va Kogon  tumanlarida narkologik bemorlarni aniqlash va nazoratga olish ishlari esa sust olib borilgan», — deydi Azamat Fayziyev.

Suhbatdoshning aytishicha,  ixtiyoriy davolanishdan bosh tortgan narkologik bemorlar bilan majburiy davolash rejasi tuziladi. Shu asosda majburiy davolanishga yotqiziladi. Hozirgi kunda filialda 92 o‘ringa mo‘ljallangan majburiy davolash bo‘limi, 75 qatnovli ambulatoriya, 25 qatnovga mo‘ljallangan kunduzgi statsionar va 20 o‘rinli tibbi-ijtimoiy reablitatsiya bo‘limi mavjud. Bo‘limda bemorlar yakka, guruh, oilaviy psixoterapiya usullari bilan orqali davolanadi. Psixoterapevtik  mashg‘ulotlar olib boriladi. Majburiy davolash kursi tugagan bemorlar reabilitatsion tadbirlarni davom ettirish uchun ambulator dasturga ko‘chiriladi. Majburiy davolanish bo‘limi IIB qo‘riklash bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘riqlanadi.

«Xo‘sh, giyohvandlikka boshlovchi asosiy mezon qayerdan boshlanmoqda? Ko‘cha-ko‘ydanmi, mahalladanmi, oiladagi tarbiyadanmi?!  Hech ikkilanmay aytish mumkinki, yoshi kattalarning bilib-bilmay qilayotgan oddiygina hatti-harakati ham yoshlarni giyohvandlikka yetaklovchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Sigareta xarid qilishga do‘konga jo‘natayotgan ota bolasining shunchaki qiziqish sabab yashirincha uni tatib ko‘rmasligiga, keyinchalik kashandalikka rujo‘ qo‘ymasligiga, bu qiziqish bora-bora uni giyohvand moddalarni ham iste’mol qilishga undamasligiga kafolat bera oladimi? Yo‘q, albatta! O‘zida juda ko‘plab zararli moddalarni jamlagan bu oddiy ko‘rinish qanchadan-qancha insonni o‘zi tomon tortib borayapti. Afsuski, uni xarid qilishga undayotgan kattalar ham, yoshlar ham, hatto do‘kondorlar ham katta xatoga yo‘l qo‘yayotganliklarini tushunishni  istamaydilar, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov, — Bu albatta, bunday muammolarning oldini olish borasida amalga oshiralayotgan ishlarimizning natijasiz ekanligi, degani emas. «Giyohvandlik-kelajakka tahdid», «Umringni xazon etma» singari loyihalarimiz borki, bu endigina chekishga o‘rganayotgan yoshlarning noto‘g‘ri yo‘ldan qaytishlarida katta o‘rin tutmoqda. Yoshlar shuni unutmasliklari kerakki, ular uchun eng muhim vazifa — yurtning asl farzandi bo‘lish. Ular orasida olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarimiz ham aynan yoshlarning o‘z kelajaklarini barbod etishdan asrovchi muhim ko‘prikdir. Yomon illatlardan, umrni xazonga aylantiruvchi turli-tuman vositalardan saqlanish shart!»

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring