Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetik ichimliklar nimasi bilan xavfli?

Energetik ichimliklar nimasi bilan xavfli?

Bugun yoshlar o‘rtasida urf bo‘lgan energetik ichimliklar ilk bor 1960 yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Keyinchalik Yevropa va AQShni «zabt etgach», biznesmenlar bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalarni qo‘shishgan.

2014 yilga kelib, JSST o‘smirlar o‘rtasida energetik ichimliklar ko‘p iste’mol qilinayotgani yuzasidan xavotirli bayonot bilan chiqdi. 2017 yilda esa AQShda 16 yoshli o‘smirning o‘limiga ko‘p miqdorda iste’mol qilingan energetik ichimlik sabab bo‘lgani aytildi.

Hozir dunyoning qator davlatlarida bunday mahsulotlar sotuviga taqiqlar o‘rnatilgan. O‘zbekistonda ham bu borada ma’lum qonuniy cheklovlar amalda.

Xo‘sh, shifokorlar nega bu mahsulotdan tiyilishni tavsiya qiladi? Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mutaxassislar fikrini e’lon qildi.

Doniyor ALIMOV,
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori:

— Energetik ichimliklar me’yordan ortiq va surunkali iste’mol qilinsa, bosh miya, markaziy nerv tizimi, bo‘g‘imlar va boshqa a’zolarga jiddiy ziyon yetadi. Tarkibidagi kofein — psixostimulyator modda. U vaqtinchalik tetiklik hissini bag‘ishlab, charchoqni aritishi, aqliy faoliyatni kuchaytirishi mumkin, ammo ma’lum bir vaqtdan so‘ng, masalan, 1 – 1,5 soat o‘tgach, inson organizmida horg‘inlik battar kuchayadi, bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi va nafaqat aqliy, balki jismoniy faoliyat ham susayadi.

Bunday mahsulotlarni tez-tez iste’mol qiluvchilarda keyinchalik bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘la boshlaydi va ma’lum bir asoratlarga olib keladi. O‘smirlar va bolalar uchun hafta mobaynida kofein iste’molini 60 mg.dan oshirmaslik kerak.

Bitta energetik ichimlik tarkibida esa o‘rtacha 30 mg kofein mavjud. Energetiklar ichish 18 yoshga to‘lmagan bolalar va o‘smirlar, homilador va emizuvchi ayollar, yurak-qon tomir xastaliklariga chalingan hamda qandli diabeti bor bemorlarga mutlaqo tavsiya etilmaydi.

Sevara FAXRUTDINOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mas’ul xodimi:

— Energetik ichimliklar me’yoridan ortiq iste’mol qilinganda qonda glyukoza miqdori ko‘payib ketadi. Shakarning ortiqcha qismi yog‘ga aylanadi va insulin organizmda ko‘payib, qandli diabetga olib keladi. Eng yomoni, odam bu ichimlikka beixtiyor bog‘lanib qoladi.

 Qolaversa, energetiklarni ko‘p iste’mol qilish inson tanasidagi hujayra va to‘qimalarga jiddiy zarar yetkazib, jigar, yurak qon-tomir kasalliklariga olib keladi.

Guli ShAYXOVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, tibbiyot fanlari doktori:

— Yuqori konsentratsiyalangan quvvatbaxsh ichimliklar tarkibidagi taurin – energetik jarayonni jadallashtiruvchi va nerv tizimini rivojlantiruvchi modda. Uning inson organizmi uchun sutkalik me’yori – 400 mg. Ayrim energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobargacha oshiq bo‘ladi va o‘smirlar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bunday ichimliklar qisqa muddatda organizmga zararli ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Lekin tarkibida ortofosfat kislotasi borligi uchun buni sezmaysiz.

Masalan, 45 daqiqadan so‘ng dofamin ishlab chiqarilishi ortib, bosh miyada rohatlanish, qoniqish markazini qo‘zg‘atadi. 70-80 daqiqadan keyin aks ta’sir qilish vaqti boshlanib, organizmda holsizlik holatlari yuzaga keladi.

Qolaversa, energetik ichimliklar asab tizimini ishdan chiqaradi. Ruhiy kasalliklarga chalinish xavfi ortadi, odamlarda tajovuzkorlik kuchayadi. Bolalarning zehni o‘tmaslashib, darslarni o‘zlashtirishi pasayib ketishi, nogiron, aqli zaif farzandlar tug‘ilishi ayni shunday illatlarning ham asorati, desak xato bo‘lmaydi.

AQShlik tadqiqotchilar xulosasi:

Energetik ichimliklar yurakdagi QT intervali (yurakning elektrik sistolasi)ni o‘rtacha 2 soatda 10 millisoniyaga oshiradi. Agar millisoniyalarda o‘lchanadigan ushbu vaqt oralig‘i haddan tashqari uzun yoki kalta bo‘lsa, yurak urushida jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi. Bu esa hayot uchun xavfli bo‘lgan aritmiyaga olib kelishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring