Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi ularni jiddiy jazo kutmoqda! Katta miqdorda pul bo‘lgan seyfni o‘g‘irlaganlar ushlandi

Endi ularni jiddiy jazo kutmoqda! Katta miqdorda pul bo‘lgan seyfni o‘g‘irlaganlar ushlandi

Foto: Toshkent shahar IIBB

Avval xabar berilganidek, shu yilning 7-sentyabr kuni kechgi vaqtda Shayxontohur tumanidagi «Charx Novza» mahallasida uch nafar shaxsi aniqlanmagan kimsalar to‘rt qavatli turar-joyning ikkinchi qavatidagi xonadondan ichida katta miqdorda pul bo‘lgan seyfni o‘g‘irlab ketishgandi.

Ushbu fakt asosida qo‘zg‘atilgan jinoiy ishning, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismining («Bosqinchilik») sanksiyasida 20 (yigirma) yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

«Toshkent shahar IIBB, insonparvarlik prinsipidan kelib chiqqan holda, jinoyatga aloqador shaxslarga aybni bo‘yniga olib, ichki ishlar organlariga kelishlarini taklif qilgan edi. Afsuski, jinoyatga aloqador shaxslar jabrlanuvchilarga o‘g‘irlangan buyumlarni qaytarib berish, qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyorlari bilan kelish imkoniyatini qo‘ldan boy berishdi», deb xabar berdi IIBB matbuot xizmati.

«Buning sababi qo‘rqoqlikmi yoki Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv xodimlariga ishonsizlikmi, balki ular biror joyda «berkinib» olish umidida bo‘lganlarmi – buni endi ahamiyati yo‘q. Gap shundaki, berilgan vaqt ichida jinoyatga aloqador shaxslar ularga berilgan imkoniyatdan foydalanishmadi. Afsus... Endi ularni jiddiy jazo kutmoqda!», deyiladi xabarda. 

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-tergov ishlari davomida jinoyatga aloqador kimsalarning shaxslarini aniqlashdi. Ular avtomobil raqamlarini o‘zgartirganliklariga, niqob va qo‘lqoplar kiyganlariga qaramasdan qo‘lga olindilar. Barchalari – muqaddam sudlangan shaxslar, to‘rt nafari esa bir necha bor jinoyatga tortilganlar qatoridan.

Ular Yashnobod tumanida yashovchi 29 yoshli Anvar X., Shayxontoxur tumanida yashovchi 54 yoshli Mirxomid A., Uchtepa tumanida yashovchi 44 yoshli Botir M., Olmazor tumanida yashovchi 39 yoshli Najmitdin Z.lardir.

Ashyoviy dalillar sifatida qo‘lga olingan shaxslardan pullarning bir qismi, niqoblar va qo‘lqoplar olindi.

Qo‘lga olinganlarning so‘zlariga qaraganda, Toshkent shahar IIBB internetda aybni bo‘yniga olib, idoraga kelish haqidagi xabarni e’lon qilganlaridan keyin, ular orasida kelishmovchilik yuzaga chiqqan. Jinoyatning ikki nafar ishtirokchilari qochishga ulgurishgan. Poytaxt IIBB xodimlari bu shaxslar qachon Qozog‘iston Respublikasi chegarasidan o‘tganliklari haqida ma’lumotga egalar. Toshkent shahar IIBB hamda yaqin va uzoq davlatlar xodimlari orasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, shu sababli gumonlanuvchi Shayxontoxur tumani, Ibn-Sino-1 massivida yashovchi 48 yoshli Urunbayev Murod Abduraxmanovich, Yashnobod tumani, Musaffo ko‘chasida yashovchi, 53 yoshli Mavlonov Baxtiyor Matyoqub o‘g‘lining qo‘lga olinishlari – vaqt masalasidir.

«Urunbayev M. va Mavlonov B.larning qidiruviga yordam beradigan ma’lumotlarni yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limiga, 102,  71-232-30-40, 71-232-40-50 raqamlariga xabar qilishingizni so‘raymiz. Jinoyatga aloqador shaxslarni qo‘lga olishda faol qatnashgan fuqarolarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Batafsil ma’lumotlar videolavhada taqdim etiladi», deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring