Endi uchinchi sektor qog‘ozda emas, amalda ishlaydi
Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, jamiyat hayotidagi tub burilishlar pallasida strategik maqsadlar va muayyan rivojlanish bosqichiga xos bo‘lgan ustuvor tamoyillarni belgilab olish har qanday millat uchun g‘oyat muhim hayotiy ehtiyojga aylanadi.
Zero, ana shu ehtiyojni zukkolik bilan anglagan, voqealar rivojini oldindan ko‘rib, zamon talablariga munosib javob bera olgan, eng asosiysi esa kelajak avlod manfaatlari yo‘lida sobitqadam bo‘lgan millatlargina o‘z maqsadlariga erishganlar.
Ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar barcha soha va tizimlar qatori uchinchi sektor deb atalayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlar faoliyatini ham butunlay qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotir.
Davlat rahbarining 2018 yil 4 mayda qabul qilingan «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni esa ushbu hayot haqiqati va zamon talablarini o‘zida mujassam etgan navbatdagi hujjat bo‘ldi.
Shu ma’noda islohotlar barqarorligini namoyon etgan ushbu farmon mohiyatan fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat-notijorat tashkilot(NNT)lar faoliyatida ham yangi davrni boshlab berdi deyish mumkin.
Unda alohida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalari qatori fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, aholining turli qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan fuqarolik jamiyati institutlari, NNTlar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, ushbu masalaga oid 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Bugunga kelib yurtimizda 9200 dan ziyod NNT bo‘lib, ular zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklatilgan. «Mahalla» jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Sog‘lom avlod uchun», «Nuroniy» jamg‘armasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi shular jumlasidandir.
Ammo farmonning mazmunidan anglashiladiki, bugungi tub o‘zgarishlar, mamlakatni demokratik yangilash jarayonlarining asl mohiyati fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatida to‘la aks etmayapti.
Farmonda qayd etilganidek «Ushbu sohadagi ishlarning holati amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kimchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda».
Shu bois ham hujjatda davlat va fuqarolik jamiyatlari o‘rtasida samarali, konstruktiv muloqot mexanizimlari yo‘lga qo‘yilmagani, nodavlat notijorat tashkilotlarning ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmayotgani, ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun yetarli imkoniyatlar yaratilmayotganiga e’tibor qaratildi.
Binobarin, fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlarning jamiyatdagi rolini tubdan oshirish, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davr talabi darajasida tashkil etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridandir.
Farmonda iqtisodiy dasturlarni izchillik bilan amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini kafolatli himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat tuzilmalari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash, ushbu sohaga oid qonunchilikni, huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Shu o‘rinda ushbu farmon asosida mamlakatimiz tarixida birinchi marta Prezident huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashining tuzilgani nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa ijtimoiy tashkilotlar mavqeini keskin oshirishga xizmat qilajagini ta’kidlash joiz.
Hujjatda fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosatsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlash tartibi ham belgilab qo‘yildi. Bu nafaqat assotsiatsiya zimmasidagi mas’uliyatni oshiradi, balki barcha soha va tizim rahbarlarining ushbu sohaga bo‘lgan munosabatini ham tubdan o‘zgartirishga olib keladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida NNTlar uylarini tashkil etish, soha vakillariga qator imtiyozlar berilishi qat’iy belgilab qo‘yilgani esa hozirdanoq chet ellik ekspertlar e’tiborini tortayapti. Shuning uchun ham assotsiatsiya faoliyatini tanqidiy tahlil etib, eng dolzarb vazifalarni belgilab oldik. Fursatni boy bermaslik uchun esa qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqayapmiz.
Xususan, grantlar ajratishda ham bir yoqlama qarashlardan voz kechilib, oddiy odamlarga manfaat keltiradigan yo‘nalishlar tanlanayapti. Masalan, uyushmagan yoshlar haqida ko‘p gapiriladi. Joylarda ayni shu mavzuga bag‘ishlangan o‘nlab seminar va treninglar o‘tkazilayapti. Ammo, afsuski, natija kutilganidek bo‘lmayapti. Shuning uchun aynan shu masalada yangicha yondashuvlarni joriy eta oladigan, yangicha fikrlaydigan NNTlarga grantlar ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumki, bugungi islohotlar eng avvalo yoshlarga, ular uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratilmoqda. Ana shu talabni inobatga olib, yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, uyushmagan va tarbiyasi nisbatan muammoli bo‘lgan farzandlarimizni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida «Men vatanimni sevaman», «Jamiyatda mening o‘rnim bor» mavzusida turkum tadbirlar o‘tkazishga kirishdik. Bunda madaniyat va sport muassasalari bilan sheriklikda joylarda milliy sport o‘yinlarini ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, qishloq qizlarini sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratayapmiz.
Hududlarda olib boriladigan ishlarga esa birlamchi e’tibor qaratiladi.
Bu jarayonda esa Prezident farmonini chuqur o‘rganish, unda ilgari surilgan g‘oya va tushunchalarni barcha yurtdoshlarimizga yetkazish oldimizda turgan eng dolzarb masala deb hisoblayman. Zero, barcha sohalarda islohotlarning izchilligi va samaradorligini ta’minlay olsakkina yuksak maqsadlarimiz ro‘yobga chiqaveradi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, uchinchi sektorning keng ko‘lamli faoliyati uchun muhim dasturga aylangan farmon eng avvalo nodavlat-notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi hamda unga a’zo bo‘lgan barcha NNTlarga ilgari kuzatilmagan imkoniyatlar yaratib berdi. Endigi vazifa ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali xalqimizga xizmat qilish, uning farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishdir.
Ilhom Nasriyev
«Iqtisodiy gazeta»dan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter