Endi hududlar respublikadan mablag‘ kutmasdan, ichki yo‘llarni o‘zlari ta’mirlashlari zarurligi aytildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Yig‘ilishda, shuningdek, qurilish materiallari bozori bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Karantin davrida mazkur industriya korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 30-40 foizga kamaygan. O‘z navbatida, xomashyo mahsulotlari ham sotilmay qolgan.
Shundan kelib chiqib, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasiga birinchi yarim yillikda mahsulot ishlab chiqarishni 10 trillion so‘m va yil oxirigacha 22 trillion so‘mga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu ko‘rsatkichlarni ta’minlashda eksport bozorlari asosiy imkoniyat hisoblanadi.
Import o‘rnini bosuvchi mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yurtimizda buning uchun zarur xomashyo olish mumkin bo‘lgan 275 ta istiqbolli kon mavjud. Misol uchun, G‘ozg‘onda 52 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Prezidentimiz konlarni o‘zlashtirish orqali shunday samarali loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Joriy yilda energiya tejamkor qurilish materiallari tayyorlash bo‘yicha 7 ta loyihani ishga tushirish, kelgusidagi ob’yektlarni loyihalashda ushbu mahsulotlardan foydalanishni nazarda tutish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Karantin davrida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishiga Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan qo‘shimcha 1,5 trillion so‘m, xususan, suv ta’minoti bo‘yicha 55 ta loyihaga 500 milliard so‘m va yo‘l qurilishi bo‘yicha 1 ming 547 ta loyihaga 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
Yig‘ilishda bu loyihalarning ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini tez fursatlarda boshlash muhimligi qayd etildi.
Pandemiya sababli xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalar ham to‘xtab qolgan edi. Xususan, ichimlik suvi tizimini yaxshilash hamda yo‘l qurilishi sohasida shunday muammolar mavjud.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, bunday loyihalarga tender orqali mahalliy pudrat tashkilotlarini ham jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Davlatimiz tomonidan mahalliy budjetlar daromadini oshirish, xususan, yo‘l qurilishi uchun mablag‘larni shakllantirishga barcha sharoitlar yaratib berildi. Endi hududlar respublikadan mablag‘ kelishini kutib o‘tirmasdan, ichki yo‘llarni o‘zlari ta’mirlashlari zarurligi aytib o‘tildi.
– Umuman olganda, uy-joy qurilishi bo‘ladimi yoki infratuzilma ob’yektlarimi, qurilish sohasi yangi ish o‘rinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish, pirovardida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun katta imkoniyat va zaxira hisoblanadi. Tarmoq rahbarlari bugungi yig‘ilishda o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatni chuqur his etib, ishlarni to‘g‘ri tashkil etsalar, iqtisodiy inqirozdan imkon qadar kam yo‘qotishlar bilan chiqib ketamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter