Endi hech kim xato yozmaydi
Bugun, 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan «Tahrirlovchi.uz» loyihasi hamda «Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoni doirasida amalga oshirildi. «Tahrirlovchi.uz» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «UZINFOCOM» yagona integrator MChJ tomonidan yaratilgan.
Ushbu veb-resursda so‘zlarni, gaplarni va matnni kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga yoki lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga tezkor, bexato va avtomat shaklda o‘tkazish, kirill hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbolarida yozilgan so‘zlarning xatolarini aniqlash, kirill hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida xato yozilgan so‘zlar uchun to‘g‘ri so‘zlarni tanlash imkoniyatlarini yaratildi.
Tizimga «o‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati»dan o‘rin olgan 25000 dan ortiq so‘z va «o‘zbek tilining izohli lug‘ati» ga kiritilgan 80000 dan ortiq so‘z va so‘z birikmalari kiritilgan.
«Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati» alifbo tartibida joylashtirilgan 10 000 ga yaqin atamani o‘z ichiga olgan bo‘lib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «UNICON.UZ» DUK mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur izohli lug‘atni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Axborot-texnologiyalari kommunikatsiya (AKT) sohasi xodimlari, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari hamda barcha qiziquvchilar foydalanilishi mumkin bo‘lgan terminologik bazani shakllantirish, AKT sohasida o‘zbek tilini joriy qilish imkoniyatini yanada kengaytirish hamda atamalarning nafaqat o‘zbek tilidagi ekvivalentini, ularning ma’nodoshini ham to‘g‘ri va aniq tanlash imkoniyatini yaratishdan iboratdir.
Shuningdek, ushbu lug‘atning qulay jihatlaridan yana biri shuki, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi atamalar bilan birga ularning ta’riflari hamda shu atamalarning ingliz va rus tilidagi muqobillari keltirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter