Bo‘sh ish o‘rinlariga ariza topshirish bo‘yicha cheklov o‘rnatilmoqda
Endilikda nomzod bir vaqtning o‘zida faqatgina 5 tagacha lavozimga ariza yubora oladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.
Bunda har bir yakuniga yetgan tanlovdan so‘ng nomzodda boshqa vakansiyaga ariza yuborish imkoniyati saqlanib qoladi.
"Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan vazirlik va idoralarning inson resurslari bo‘linmalari hamda fuqarolardan kelayotgan takliflar asosida davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlarni egallash bo‘yicha ochiq tanlovlar tizimi takomillashtirib borilmoqda. Yagona maqsad — fuqarolarga qulaylik yaratish, shu bilan birga tizimning shaffofligi va adolatliligini oshirib borishdan iborat.
Xususan, 2023-yilning 1-dekabridan test sinovi bosqichida 56 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlarning natijalari 3 oy davomida tizimda saqlanib, boshqa vakant o‘rin uchun tanlovlarda qatnashib, malaka talabiga to‘g‘ri kelgan taqdirda, ushbu bosqichdan avtomatik o‘tishi belgilangan edi.
Natijada nomzodlarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yilib, test sinoviga keluvchilarning soni 4 baravarga qisqarishi tahlil qilingan edi.
Biroq, aksariyat nomzodlar 56 ballni qo‘lga kiritish uchun bir nechta, hattoki 40-50 tagacha lavozimga ariza yuborib, bir kunda 5-10 marotabagacha test sinovida qatnashishmoqda. Bu esa — tanlov tizimidagi adolat mezonlariga zid holat.
Joriy yilning 4 martidan boshlab maxsus vakolatli organ tomonidan tanlov tizimiga o‘zgartirish kiritilib, endilikda nomzodlar vakant o‘rinni egallash uchun bir vaqtning o‘zida 5 tagacha lavozimga ariza yo‘llashlari mumkin bo‘ladi", deyiladi agentlik ma’lumotida.
Bunda nomzodning vakant lavozimga yo‘llagan arizalaridan biri asosli ravishda tashkilot yoki nomzodning o‘zi tomonidan rad etilgan taqdirda, boshqa vakansiya uchun tanlovga hujjat yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter