Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr energiyani subsidiyalash uchun ajratilgan mablag‘ tizimni yangilashga ishlatiladi

Elektr energiyani subsidiyalash uchun ajratilgan mablag‘ tizimni yangilashga ishlatiladi

Bugungi kunda respublika iste’molchilariga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 14 trillion so‘mdan ortiq subsidiya berilyapti. Mazkur raqam juda katta bo‘lib, uni sohani modernizatsiya qilishga sarflash orqali aholining elektr energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish mumkin.

Hozir vaziyat qanday?

Davlat 14 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilarni subsidiyalashga yo‘naltirmoqda. Natijada energetika tizimida modernizatsiya ishlari ko‘ngildagidek ketmayapti. Buning oqibatida esa anomal sovuq yoki anomal issiq mahalida aholini energiya resurslari bilan to‘laqonli ta’minlashning imkoni bo‘lmayapti.

Sveti o‘chgan yoki xonadonida gaz bo‘lmagan odam uchun esa yana kim yomon – davlat yomon! Oddiy aytganda, davlat biz uchun ham pul to‘lagani holda, biz yana uni ayblayapmiz. Tarmoqqa bozor mexanizmlarining joriy etilishi esa vaziyatni tubdan o‘zgartiradi. Avval subsidiya uchun ajratilgan mablag‘lar endi tizimni yangilashga ishlatiladi.

Bugun elektr energiyasi jami yuqori kuchlanishli 84 ta podstansiya va 11,7 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda past kuchlanishli 1 ming 789 ta podstansiya, 274,8 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 94 mingga yaqin transformatorlar orqali yetkazib berilmoqda.

Shundan 125 ming kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 912 ta podstansiya va 33 mingdan ortiq transformatorlar 40 yildan ziyod ekspluatatsiya qilib kelinyapti.

Shuningdek, 2027 yilga borib, 15,4 ming megavatt yangi ishlab chiqarish quvvatlarini hamda 24 ta elektr stansiyasini (11 ta issiqlik elektr stansiyasi va 13 ta gidroelektr stansiyasi) ishga tushirish rejalashtirilgan. Shunda bu bor ehtiyojni qondirishga yetadi.

Ushbu tarmoqlarni to‘liq yangilash va qurish maqsadida kelgusi 5 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan o‘ta muhim vazifalar turibdi. Bular:

5,8 ming kilometr magistral elektr uzatish tarmoqlari, 36 ta podstansiya va jami 1 483,8 megavatt quvvatli energiya saqlovchi (batareya) qurilmalarini qurish (dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bunga 1,5 milliard dollar mablag‘ talab etiladi);

56,3 ming kilometr taqsimlash elektr uzatish tarmoqlari hamda 15,8 mingta transformator punktini yangilash (bunga 700 million dollar talab etiladi).

Ammo bularning barchasini amalga oshirish uchun mablag‘ zarur. Yangi tariflarga o‘tilishi har yili narxni subsidiyalashga ajratilayotgan katta mablag‘larni sohaga yo‘naltirib, mazkur ishlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Albatta, elektr energiyasi va gaz narxlarini shakllantirish mexanizmlarini liberallashtirish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Yangi tarif tizimiga o‘tish, avvalo, davlat budjetidan narxni ushlab turishga yo‘naltirilayotgan 14 trillion so‘mdan ziyod subsidiya mablag‘larining bo‘shashiga olib keladi. Ushbu mablag‘larni esa 30, 40 yillar, ba’zi joylarda 50 yildan buyon ishlatilib kelinayotgan va eskirgan infratuzilmani modernizatsiyalash hamda yangilashga jalb qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Biroq energiyadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmas ekan, tizim moddiy-texnika bazasini yangilashga qanchalar e’tibor qaratilmasin, energiya manbalarini ishlab chiqarish nechog‘li ko‘paytirilmasin, ortib borayotgan talabni ta’minlash mushkul vazifa bo‘lib qolaveradi.

Shu bois narxlarni erkinlashtirish siyosati kelgusida energiya sarfi miqdori ustidan fuqarolarning individual nazorati kuchayishiga, loqayd va samarasiz foydalanishga chek qo‘yishga, tejamkorlikka olib kelishi bilan ham ahamiyatlidir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring