Ekspert: «O‘zbekistonda budjet taqchilligi yo‘q, pul sinishi haqidagi mish-mishlar asossiz»
O‘zAda iqtisodchi ekspert Adham Shodmonov bilan «Inflyasiyaning yashirilishi yoxud pul almashadimi?» sarlavhali suhbat e’lon qilingandi.
Suhbatda «Qachon va qanday vaziyatlarda davlat puli o‘zgarishi mumkin? Agar shunday ehtimol bo‘lsa, odamlar qancha vaqt oldin xabardor etiladi?» degan savol javobsiz qolgani ko‘plab o‘quvchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.
«Xabar.uz»da e’lon qilingan «Ekspert pul almashishi haqidagi savolga javob bermadi» nomli maqoladan so‘ng ekspert ushbu savolga yana bir bor qaytishga majbur bo‘ldi.
«Pul bozor sharoitida xo‘jalik muomalasiga chiqariladigan va ishlatiladigan to‘lov vositasi hisoblanadi va bu doimiy xarakterga ega. Naqdsiz pullar tijorat banklar o‘z mijozlariga qarz berganida muomalaga kiritiladi. Naqd pullar esa bank mijozlarga kassalar orqali beriladi.
Bunda har qaysi mijoz, albatta, bank qarzlarini qaytarishi va boshqa pul muomalalari (xaridlar) uchun banklarga pul topshirishi shart. Demak, bu holatda muomaladagi pul miqdori o‘zgarmaydi. Pul emissiyasi holatida pulni muomalaga chiqarish esa pul umumiy miqdorining ortishiga olib keladi.
Odatda kreditlar, bankdagi bor pul hisobidan beriladi. Bor pul esa — bankning o‘z puli, jalb etilgan manbalar — grant, omonat kabi qarzlardan tashkil topadi. Narxlarning yoki ishlab chiqarishning o‘sishi muomalaga yana pul chiqarish zaruriyatini yuzaga keltiradi.
Emissiyaning o‘sishi esa davlatning tovar muomalasi talabi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu to‘g‘risida aholi oldindan xabardor qilinadi. Misol uchun, jahon tajribasida bir oy yoki bir hafta oldin.
Bunday talablar turlicha bo‘lishi mumkin. Ko‘plab davlatlarda buni budjetning yirik miqdordagi taqchilligi bilan bog‘lashadi. Quvonarlisi, O‘zbekistonda bunday taqchillik kuzatilgani yo‘q. Yoki tovarlar muomalasining qisqarishi, milliy ishlab chiqarish sur’atlarining tushib ketishi ham sabab bo‘lishi mumkin.
Yurtimizda aksincha milliy ishlab chiqarish kun sayin rivojlanib bormoqda, demakki pul almashadi yoki sinishi haqidagi barcha mish-mishlar asossiz.
Yana bir gap. Pul chiqarishda o‘z-o‘zidan emissiyaviy daromad olish ham nazarda tutiladi. Xususan, o‘rta asrlarda bu jarayon tangalarning buzilishi bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Chunki bundan katta daromad olingan. Keyinchalik qog‘oz pullar chiqarilishida ham katta daromad olina boshlagan, ya’ni qog‘oz pullar o‘rniga nominalini o‘zgartirmasdan shunday qiymatli tangalarni zarb etish ham katta daromad keltirgan», — deya o‘z fikriga yakun yasagan Adham Shodmonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter