Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi Kanadada: nimalar muhokama qilindi?

Ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi Kanadada: nimalar muhokama qilindi?

«Davlat ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi shu kunlarda Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Biologik xilmaxillik to‘g‘risidagi konvensiyasining 15-tomonlar konferensiyasi (SOR-15)da ishtirok etmoqda»,  — deb xabar bermoqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Tadbir doirasida so‘zga chiqqan Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish masalalari xususida to‘xtaldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan  BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida ilgari surilgan Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan tashabbuslar xalqaro darajada keng qo‘llab-quvvatlanilayotganini alohida ta’kidladi.

—Ma’lumki BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyasi qabul qilingan, — dedi qo‘mita raisi o‘z ma’ruzasida. — Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilgani hamda O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari samara bermoqda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning kengaytirilishi, mamlakatimizning o‘ziga xos noyob ekotizimlari va landshaftlari jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlar ro‘yxati (Ramsar konvensiyasi) va YuNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘i kabi nufuzli xalqaro ro‘yxatlarga kiritilishi borasida xayrli ishlar amalga oshirildi.

Konferensiya doirasida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi   BMT bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK) ijrochi kotibi O. Algayerova, BMTning cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasi (UNCCD) ijrochi kotibi I.Tiyao, BMT Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish konvensiyasi (CMS konvensiyasi) ijrochi kotibi A.Frenkel, Global ekologik jamg‘armasi (GEF) ijrochi direktori va raisi Karlos Manuel Rodriges, Birlashgan Arab Amirliklari Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit vaziri Mariam bint Moxammed Almeyri kabi bir qancha ishtirokchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda keyingi yillarda Orolbo‘yida cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ravishda olib borilayotgan sa’y-harakatlar, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 5 yil davomida 1 milliard daraxt ko‘chatlari ekish ishlari izchil davom ettirilayotgani muhokama qilindi.

Ushbu tadbir doirasi eng e’tiborga molik jarayon u GEFning «Star» tarmog‘i 7-sikli doirasida O‘zbekistonga ajratilgan grant  mablag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirish masalalari va 8-sikl doirasida O‘zbekistonga ajratiladigan malbag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha rejalar muhokama qilingani bo‘ldi.

Unga ko‘ra K.M.Rodriges  GEFning moliyalashtirish mablag‘lari miqdori global miqyosda 30 foizga ortganligi to‘g‘risida so‘z yuritib, ushbu mablag‘larni xalqaro miqyosda suvlar va kimyoviy moddalarni boshqarish yo‘nalishidagi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun jalb qilish istiqbollari haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston tomoni ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligi, ayniqsa, suv tejamkorlik, suv resurslari muhofazasini ta’minlash va oqova suvlarni tozalash bilan bog‘liq loyihalar uchun GEF mablag‘larining jalb etilishi kelgusida yuqori samara berishini ta’kidladi.

Shuningdek, mamlakatimizda kimyoviy moddalar poligonlarini konservatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarga grant mablag‘larini jalb etish istiqbollari ham e’tibordan chetda qolmadi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar 2023-yil 9-13-oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan UNCCD Konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini  yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etishga kelishib olishdi.

Shu bilan birga, Jahon banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasida Atmosfera havosi sifatini monitoring qilish va yaxshilashga qaratilgan texnik ko‘mak loyihasini amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqishdi. Dastlabki qadam sifatida kelgusi yil boshida atmosfera havosini monitoring qilish mavzusida soha mutaxassislari uchun xalqaro ekspertlar ishtirokida seminar tashkil etish ma’qullandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov barcha konferensiya qatnashchilarini 2023 yil 23-28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan  BMT Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasini 14-tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14)da ishtirok etishga taklif qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring