DXX xizmatchilari fuqaro avtomobilidan foydalanishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 5-aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzolagani haqida xabar bergan edik. Ushbu qonunning to‘liq matni «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.
Qonunning 30-moddasi «Davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish» deb nomlanadi.
Unga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, jinoyat sodir etgan shaxslarni ta’qib qilish va Davlat xavfsizlik xizmati organlariga olib borish, hodisa joyiga yetib olish uchun davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan (bundan chet davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli transport vositalari hamda maxsus mo‘ljallangan transport vositalari mustasno) majburiy tartibda foydalanishi mumkin bo‘lib, bunda transport vositasidan foydalanilganligi faktini tasdiqlovchi va undan foydalangan Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisini identifikatsiyalovchi hujjat beriladi.
Transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qoplanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter