DXX O‘zbekistondan noqonuniy olib ketilayotgan 812.530 AQSh dollarini ushlab qoldi
Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Toshkent – Andijon» avtomagistralining Yozyovon tumanidan o‘tuvchi qismida ikkita avtomobil to‘xtatildi.
Avtomashinalar ko‘zdan kechirilganda ularning salon qismida va yukxonalarida katta miqdordagi AQSh dollari topildi. Jumladan, birinchi avtomashinada 423.871 dollar, ikkinchi avtomobilda esa 388.659 dollar jami 812.530 AQSh dollari olib ketilayotgan bo‘lgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Avtomashinalar egalari esa – qo‘qonlik Olim Ahmedov va Habibulla Halimov hamda ularga hamrohlik qilayotgan Uchko‘prik tumanida yashovchi Abdulvosiy Teshayev ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng ushbu ishga aloqador boshqa shaxslar ham qo‘lga olindi. Xususan, guruhga yetakchilik qilgan Obid Xalimov 13 yil davomida Saudiya Arabistonida yashagan.
Vataniga qaytgan Obid Xalimov o‘z atrofida valyuta tashuvchilar guruhini tuzgan va unga Toshkent shahrida yashovchi jiyani Abdullox Halimov, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi qaynog‘asi Habibulla Halimov, shuningdek Jahongir Tolipov, Olim Ahmedov, Abdulvosiy Teshayev kabi shaxslarni jalb etgan. Ular xorij valyutalarini noqonuniy tarzda Qirg‘izistonga o‘tkazish bilan shug‘ullangan.
Hozirda DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, ushbu ishga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter