Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Duolaringda eslab tur, opajon...

Duolaringda eslab tur, opajon...

Mana, Yangi yil ham kirib keldi. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar qatorimizdan ketdi... Bolaligimda Qorboboga ham, Qorqizga ham ishonardim... Pichirlab orzularimni aytganman. Aslida Qorbobo ham qaysidir ustozimiz, Qorqiz esa qaysidir sinfdoshimiz ekanini bilganimga ancha bo‘ldi...

Oylarni quvib, yillar, fasllar almashaverdi, almashaverdi, almashaverdi...

Ilmu urfonda tanho, chumolini ham sizlab gapiruvchi oppoqdadam, har bir so‘zi dardlarga davo munisam onam, bolalarim otasi Bahodirjon, keyinroq tog‘alarim birin-ketin olamdan o‘tishdi. To‘qqizta tog‘amdan to‘rttasi hayot, alhamdulillah... Andijonga borsam, peshonamdan o‘pib ko‘rishadigan Abduvahob tog‘amni sog‘indim... Avvalgi sinchli uylarini qayta ta’mirlab, ota-onamdan yodgor, deya o‘sha uyda yashaydigan Kenja opamni... Qirg‘izistonni uzoq Yangiobodida yashaydigan pochchamni, xolamni sog‘indim...

O‘zi bayramlarni asli yoqtirmayman, chunki ko‘p umrim musofirda o‘tdi.

«Qorbobo ayamdan sovg‘a olib keladi», – deya ishongan uch yoshli Oymomam bugun bo‘y cho‘zib qoldi, holvani hidi kelib. 2006-yil, katta o‘g‘lim 13, kichik o‘g‘lim 10, qizim 3 yoshda. Men Moskvadaman.

Toshkentga 23 yanvarga bilet oldim. Hech kimga aytmadim. Syurpriz bo‘ladi.

O‘sha kuni qo‘llarimdagi sumkalarim to‘la sovg‘alar, taksidaman – probkada naqd 4 soat qolib ketdik. Aeroportga yetib kelganimda samolyot uchishiga 20 daqiqa qolgan. Registratsiyadagi qiz «bagajing bor, kech qolding», deya meni o‘tkazmayapti.

«Yuksiz ketaman. Mayli, shu yerda qolsin sumkalarim, pasportim bilan chiqarib yubor, samolyotga». Xudoni zorini qilib yalinaman, ko‘nmaydi! Sheremetovo aeroportidaman. Qo‘llarimda qutichada tort, shokoladlar, qizimga qo‘g‘irchoq, kichik o‘g‘limga o‘yinchoq o‘zi yuradigan mashina, kattasiga planshet... Hammasini otdim.

«Doood,  meni samolyotga chiqarmagan rasvolar,  senlarni ham ona tuqqanmi? Senlar  onani bilasanmi? Yo‘limga termulib o‘tiribdi bolalarim, Xudojon, Yo Ollohim, o‘zing madad ber». Atrofim to‘la yo‘lovchilar, hamshirasi ham, vrachi ham, melisasi ham yonimda.

Navbatchisi yonimga kelib o‘tirdi, tizzalab olganman.

– Opajon, bo‘ldi, yig‘lama, iltimos, menga uchraganingda shu samolyotga chiqarib yuborgan bo‘lardim. Jon opajon, senga eng yaqin kunga bilet qilib beraman, faqat yig‘lama, onalarning yig‘laganiga chidolmayman...

Yer bilan bir bo‘lib sochilib yotgan sovg‘alarimni to‘playotgan farrosh ayolga «hech narsa kerakmas, axlatga otib yuboring», deyman. Meni xonasiga yetaklab kirgan anavi boshliq kompyuterini titkilayapti.

– Opa, yaqin kunlarga bilet yo‘q, sotilib bo‘lgan. Senga 3 yanvarga bilet qilib beraman, iltimos, shu bilet bilan uchaqolgin. Biletingga kuyasan aslida. Lekin men bu biletning pulini o‘zim to‘layman, taksi puligacha beraman. Bayramdan keyin yetib borasan, maylimi?

– Hech ham iloji yo‘qmi? Bolalarimga aytmagandim, syurpriz  qilmoqchi edim, Qorbobo sovg‘a olib boradi, degan edim...

– Opa, ertaga ham reys bor, sovg‘alaringni yuboramiz, faqat aniq adresni bergin...

Bilasanmi, mening familiyam nima? Subbotin. Onam tug‘ib, bolalar uyi oldiga tashlab ketgan ekan... Shanba kuni, bolalar uyida shu familiyani berishibdi, ismim Nikolay Andreyevich, meni topib olgan qorovulning ismi...

Bolalar uyida o‘sdim, ulg‘aydim (ism,familiyasi o‘zgartirilgan.) Mana shu yerga yetib keldim... Har yili o‘sha o‘zim ulg‘aygan bolalar uyiga Yangi yilda sovg‘alar yuboramiz, ta’mirlashda homiylik qilamiz. Sening dod deb yig‘laganingni ko‘rib, chidolmadim, aslida melisaga berib yuboraman, deb chiqqandim. Oldingga borgach, senga qo‘shilib yig‘layotgan, seni yupatolmay turgan odamlarni ko‘rib, yerga tizzalab, men onamanku, bolalarim oldiga bormoqchi edim, bayramga, deya ingraganingda yuragim uzilib ketdi go‘yo... Opa, qani edi senga o‘xshagan onalar ko‘proq bo‘lsa edi, menga o‘xshab na otasini, na onasini bilmaydigan, tashlandiqlar kamroq tug‘ilardi...

«Shirinliklarni otib yubordimku, ezilib ketdi...»

Adresni, singlimning telefon nomerini yozib oldi baribir.

Menga 3 yanvarga bilet qilib berdi. Soat ertalabki 10-00da uchaman ekan... Avtobusda qaytib ketdim orqamga.

Sherbinkadagi magazinda sotuvchi bo‘lib ishlardim. Kvartiraga kirib borsam, hamma sheriklarim kutib o‘tirishibdi, yupatishadi, hazil qilib kuldirishadi. Kulaman, yig‘lashadi qo‘shilib...

Matluba, Qimmatoy, moldavan qiz Lilya, tojik qiz Robiya...

Ertasi kuni kechga singlim yozayapti, rasmlar tashlabdi. Bitta samarqandlik singil Nodiramidi, ismi esimda yo‘q, singlimnikiga tort, shokolad, o‘yinchoqlar olib boribdi, mening berib yuborganimni aytibdi... Demak, Subbotin gapida turibdi-da, demak o‘sha syurpriz qilibdi-da...

 Rahmat, deb yozib yubordim sms qilib.

3 yanvar kuni aeroportga yetib keldim taksida. Bir og‘iz rahmat aytay, deya Subbotinning xonasiga yaqinlashdim, ichkarida kimningdir borligini aytishdi.

Eshitilib turibdi, kimningdir onasi o‘tib qolganini, yetib borishini, bilet qancha bo‘lsa ham sotib olishini aytib yalinardi... Eshikni chertdim sekingina.

Ichkariga kirsam, bir o‘zbek yigit turibdi.

– Kolya, men bugun uchmayman, faqat iltimos, biletimni shu yigitga beraylik, sen to‘g‘rilab ber, onasini janozasiga yetib borsin.

– Senchi, opa?

– Bayram o‘tdi, baribir, men uyga aytmagandim qaytayotganimni. Boshqa kuni ucharman.

Anavi yigit: «Opa, biletingiz necha pul? Qancha beray?»

 7800 rubl ekan. Bu o‘sha paytda yaxshi pul edi.

–14000 beraman, opa...

– Kerakmas, kassaga to‘lang, bo‘ldi, yarim soat qoldi samolyot  uchishiga, tezroq bo‘ling...

Yigit ismi Ulug‘bekligini, Andijonning Marhamatidan ekanligini aytib, rahmat deb yig‘lab chiqib ketdi...

Kolya bo‘lsa, «Daaa,  vot eto  ya ponimayu, sestra. Seychas tebya toje samoye blijaysheye vremya bilet naydu», – deb 7 yanvarga bilet qilib bermoqchi bo‘ldi.

– To‘xta, samolyot bileti qimmat, menga poyezdga bilet olamiz, xo‘pmi? Tanishing bormi?

– Bor, hozir. Bir zumda 7 yanvarga poyezdga bilet qilib beradi, boraver, bilet bron qilingan.

Ketayotsam, kichkinagina sovg‘a paketchasini qo‘limga berib, «bu sengamas, bolalaringa mendan sovg‘a, opajon», dedi.

Qo‘limga poyezdga biletni beradigan yigitning telefon nomerini yozib berdi, puli to‘langan.

– Faqat ertaroq borgin, probkada qolib ketmagin yana, opa...

Kvartiraga kelgach, anavi paketchani qarasam shokoladlar va otkritka, «Samoy perekrasnoy mame», – deb yozilibdi, shokoladning tagida 8000 rubl pul bor ekan...

Men uchun pul emas, haqiqiy sovg‘a uning insoniylik fazilati, bitta musofir onaga ehtiromi, e’tibori, vijdoni uyg‘oqligi ta’sir qilgandi...

Keyinchalik ham ko‘p bordim Moskvaga. Toshkentdan Chig‘atoy patiri, xandon pista, bodom qilib, Kolyaning oldiga kirdim. Bir marta menga takror rahmat aytib, taksiga chiqarib qo‘ygandi... Oradan bir yilmi, ikki yilmi  o‘tdi, vatsapida yozibdi.

– Opajon, men Yevropadaman, boshqa  ishga o‘tdim. Senga bitta sirni aytaman.

Avval ayolim, keyin men va o‘g‘lim islom dinini qabul qildik.

– Mashaolloh, birodarim, isming nima?

– Men Yahyo, kelining Xadicha, o‘g‘lim Ayyub. Duolaringda eslab tur, opajon...

 Har yili faqat 3 marta, ikkita Hayit va tug‘ilgan kunda sms yozardi...

 Bugun esa o‘g‘li Ayyub otasi Yahyoning vafot etganini yozibdi, yurak xuruji, 47yosh...

Yig‘lab oldim, keyin  Qur’on o‘qib duo qildim.

– Inim Yahyo, diydor qiyomatga qolibdi. Oxirating obod bo‘lsin, amiyn.

– Ayyub, dadang kasalmidi?

– Ha, 5 yilcha bo‘ldi, insultni kechirganiga, yurolmay qolgandi, lekin nogironlar aravachasida ham serharakat edi... Bexabar ekanman, aytmagandi...  Faqat kitob o‘qib o‘tirmasdan, telefon tuzatishni o‘rganib, ustaxonada ishlardi, ermak bo‘lsin, deb aralashmasdim.

Onamni ham qaddi bukilib qoldi go‘yo bir kunda...

– Xadichaga salomimni ayt, o‘zini ehtiyot qilsin. Yahyo hamisha duolarimda...

Ko‘z yoshlarimni tiya olmadim...  

                                              

                                                        Mashhura Begim facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring