Dunyodagi eng qimmat tibbiy niqobning bahosi qancha?
Isroillik zargarlar oq va qora javohirlar bilan bezatilgan oq oltindan dunyodagi eng qimmat tibbiy niqobni yaratish ustida ishlashmoqda. U taxminan 1,5 million dollarga baholanmoqda, deya xabar berdi «Haaretz» nashri.
«18 qirotli oq oltindan yasalgan niqob 3600 ta oq va qora javohirlar bilan bezatiladi hamda buyurtmachining xohishiga qarab oliy sifatli N99 filtri bilan jihozlanadi», — dedi zargarlik firmasi xo‘jayini va dizayner Isaak Levi.
Isroillik zargarlarga bunday niqobni yaratishga AQShda istiqomat qiluvchi xitoylik tadbirkor buyurtma bergan. Buyurtmachi ishlab chiqaruvchilarga ikkita shart qo‘ygan: niqob yilning oxirigacha tayyor bo‘lishi va dunyodagi eng qimmat niqob bo‘lishi zarur. Isaak Levi ikkinchi shartini bajarish osonroq bo‘lganini tan oldi.
Isaak Levi qimmatbaho toshlar bilan qoplangan niqobning tayyor qismlarini jurnalistlarga namoyish qildi. Plastinalardan birida filtr uchun teshik qoldirilgan. Javohirlar bilan bezatilgan oltin niqobni taqish noqulaylik tug‘dirishi tabiiy. Biroq uning egasiga hammaning e’tiborini jalb etishi shubhasiz. Zargarning baholashiga ko‘ra, mahsulot taxminan 270 gramm og‘irlikda bo‘ladi — bu oddiy tibbiy niqoblarga qaraganda qariyb 100 baravar og‘ir degani.
Bunday niqob iqtisodiy inqiroz davrida daromadidan ayrilgan yuz millionlab odamlarning jig‘iga tegishi tabiiy, deya tan oldi Isaak Levi. Biroq mazkur buyurtma kompaniyaga mashaqqatli davrni yengib o‘tishiga yordam berdi.
«Ushbu niqob bizga yetarlicha ish berganidan, xodimlarimiz qiyin davrni boshdan kechirayotgan bo‘lishlariga qaramay, ish joyini saqlab qolganidan mamnunman», — deya xursandchiligini bildirdi zargar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter