Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doriga to‘ymagan tarvuzni tanlashni bilasizmi?

Doriga to‘ymagan tarvuzni tanlashni bilasizmi?

Foto: «Xabar.uz»

Tarvuzni to‘g‘ri tanlash uchun nimalarga ahamiyat berish kerak? Ekspertlar, birinchi navbatda, tarvuz sotilayotgan joy va tarvuzning tashqi ko‘rinishiga e’tibor berishni ta’kidlashmoqda. Tarvuz pishgan-pishmaganini tekshirish uchun taqillatib ko‘rsangiz ham bo‘laveradi.

Qayerdan sotib olish kerak?

Mutaxassislar tarvuzni yetishtirilgan dalaga yaqin joydan sotib olishni maslahat berishadi. Shunda sersuv va pishgan tarvuzni xarid qilish ehtimoli ortadi. Agar buning iloji bo‘lmasa, uni maxsus bozor va do‘konlardan sotib olgan ma’qul. Supermarketlarda tarvuzlar arzon bo‘lishi mumkin, lekin ularning sifati shunga yarashaligini unutmang.

Yaxshi yoki yomonligini qanday aniqlash mumkin?

Tarvuzni sotib olishdan oldin urib ko‘ring. Jaranglamasa — pishib o‘tib ketgan, haddan tashqari jaranglasa — hali pishmagan bo‘ladi. Aslida pishgan tarvuz yangroq va zirillagan tovush chiqaradi. Xaridor tarvuzning tashqi ko‘rinishini ham baholashi zarur — u yorilmagan va qirilmagan bo‘lsin. Yana po‘sti yaltirmasligi kerak, pishgan tarvuzning po‘sti jilosiz bo‘ladi. Shuningdek, po‘stida albatta yorqin-sarg‘ish rang bo‘lishi lozim. Bu uning vaqtida yig‘ib-terib olinganidan dalolat.

Shakli va tusi esa, ekspertlarning ta’kidlashicha, tarvuzning ta’miga ta’sir qilmaydi: seleksionerlar turli shakldagi va tusdagi tarvuz navlarini o‘rganib ko‘rishgan. Ayrimlar sotib olayotganda tarvuzni qisib ko‘rishadi, qarsillasa — pishgan deb o‘ylashadi. Biroq, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu mezon ham tarvuzning mazasiga ta’sir qilmaydi.

Sifatini va nitrat ishlatilmaganini qanday tekshirib ko‘rsa bo‘ladi?

Xaridorlar sotuvchidan mahsulotga tegishli hujjatni talab qilish huquqiga ega: u yerda mahsulot manbai, shuningdek, sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘ladi. Uyga kelganda esa tarvuzni hovuzchadagi suvga soling. Bordi-yu, tarvuz cho‘ksa, pishib o‘tib ketganini va havosi chiqib ketganini bildiradi.

Yana bir tekshirish usuli — tarvuzni kesing va oq urug‘lar soniga razm soling. Agar ular haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, nitratlar bilan o‘g‘itlangan demak. Bunda tarvuz eti tezroq pishadi, urug‘ning pishishiga esa o‘g‘itlash hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Mutaxassislar tarvuz etidagi oq va sariq tomirlarga ham ahamiyat qaratishni maslahat berishadi: mabodo ular haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, tarvuz azot o‘g‘iti bilan haddan tashqari to‘yingan degan taxminga kelish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring