Donorlar kuni yilda bir marta o‘tkaziladi, qon esa har kuni kerak...
Bundan bir necha yil avval Gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir manzaraga guvoh bo‘lgan edim: shifokorlar xonasidagi stolda yong‘oq, qora mayiz va asal turardi. Bo‘lim boshlig‘i bunga izoh bera turib, «Bugun ko‘pchiligimiz qon topshirdik…» degandi.
O‘sha kuni qon donorlar kuni ham, biror bir aksiya ham emas edi. Markazda esa hayoti donor topshirgan qonga bog‘liq bo‘lgan bemorlar va ularning umidvor yaqinlari ko‘pligidan, tibbiyot xodimlari tez-tez qon topshirib turar ekan.
Har yili 14 iyun kuni butun dunyoda qon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu kuni insonlar hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan qonni ixtiyoriy ravishda topshirayotgan donorlarga hamda qon va qon mahsulotlarining sifati, xavfsizligi va mavjudligini ta’minlash uchun muntazam mehnat qilayotganlarga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti alohida minnatdorchilik e’lon qiladi.
O‘sha kuni ko‘chma donorlik avtobuslari faollashadi, donor bo‘lishga targ‘ib qiluvchi aksiyalar ham bir avj oladi. Sana o‘tgach, esa… Aslida qon va qonning tarkibiy qismlari faqat 14 iyunda emas, har kuni kerak bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha yuz minglab bemor har kuni qonga ehtiyoj sezadi.
Qon donorligi nima? Qon donorligi — donor tomonidan qon va yoki uning tarkibiy qismlarini ixtiyoriy ravishda berishdir. Donordan olingan qon tibbiyotda bir qancha maqsadlarda ishlatiladi:
Odam hayot-mamotini hal qiluvchi bu qonning yagona manbai – donorlardir. Shuning uchun qon donorlari butun dunyoda alohida hurmat qilinadi. |
O‘zbekistonda qon donorlari yetarlimi? Respublika qon quyish markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori A’lonur Saidovning aytishicha, JSST tavsiyalariga ko‘ra, aholini qon tarkibiy qismlari bilan ta’minlash uchun qon topshirishlar soni 1000 nafar aholiga kamida 10 nafar yoki aholining 1 foizini tashkil qilishi kerak. Yurtimizda bu ko‘rsatkich o‘tgan 2022 yil 1000 nafar aholiga qariyb 7,5 nafarni tashkil etgan. Demak, O‘zbekistonda qon donorlari soni yetarli emas. |
Kim qon donori bo‘lishi mumkin? O‘z qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs donor hisoblanadi. Butun dunyoda va O‘zbekistonda ham donor bo‘lishning ma’lum talablari bor. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom odam ixtiyoriy ravishda qon topshirishi mumkin. Tana vazni 50 kilogramm va undan kam bo‘lgan, bo‘yi 150 sm va undan kam bo‘lgan shaxslar sog‘ligiga jiddiy zarar yetmasligi uchun terapevt shifokorning yozma xulosasi asosida donor bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, donor bo‘lishga qarshi ko‘rsatma hisoblangan bir qator kasalliklar ham bor. Bu kasalliklar ro‘yxati Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda to‘liq keltirilgan. Xususan:
Shuningdek, nizomda vaqtinchalik qarshi ko‘rsatmalar ro‘yxati ham berilgan bo‘lib, kasallikning og‘ir-yengilligi va bo‘lajak donor holatiga qarab, 48 soatdan 3 yilgacha donorlikdan vaqtincha chetlatib turilishi mumkin. To‘liq ro‘yxat nizomda keltirilgan. |
Qon topshirish tartibi qanday? O‘zbekiston fuqarolari qon topshirish uchun shaxsini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlardan biri bilan murojaat qilishi mumkin: pasport, ID-karta, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi, harbiy xizmatchilar esa, harbiy hisobga olish hujjatlari. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar — chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi, milliy pasporti yoki chet davlat fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar bilan qabul qilinadi. Shundan so‘ng donor tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Umumiy ko‘rikda donorning qon bosimi, gemoglobini, tana harorati, tana vazni bo‘yi o‘lchanadi. Qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun tibbiy savolnoma to‘ldiriladi. Unda donorning yoshi, ish yoki o‘qish joyi, oxirgi marta qachon qon topshirganligi kabi savollarga javob olinadi. Hech qanday qarshi ko‘rsatmalar aniqlanmasa, donordan besh yuz millilitrdan, shuningdek laboratoriya tekshiruvlari uchun qirq millilitrdan ortiq bo‘lmagan qon olinadi. |
Donor necha martagacha qon topshirishi mumkin? Qon topshirish davriyligi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibga ko‘ra, erkaklar uchun bir yilda 5 martadan, ayollar uchun esa 4 martadan oshmasligi kerak. Donor organizmidagi temir zaxirasini to‘ldirish uchun har bir qon olishdagi vaqt oralig‘i erkaklar uchun 2 oy, ayollar uchun esa 3 oydan kam bo‘lmasligi kerak. |
Donorning qanday huquqlari bor? Qon donorligini targ‘ib qilish va rag‘batlantirish uchun donorlarga bir qancha imkoniyatlar yaratilgan. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra,
|
«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni kimlarga beriladi? Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Faxriy donor ko‘krak nishoni bilan o‘z qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan O‘zbekiston fuqarolari mukofotlanadi. |
Bu unvon donorga nima beradi? Taqdirlangan donorga ko‘krak nishoni, guvohnoma va pul mukofoti beriladi. Mukofot puli bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida etib belgilangan. Hozirda bu 4 mln 950 ming so‘mga teng. Shuningdek, faxriy donorlar
|
Rekordchi donor kim? Dunyo bo‘yicha rekord o‘rnatib, Ginnessning rekordlar kitobiga kirgan qon donori – avstraliyalik Djeyms Xarrison. U hayoti davomida 1173 marta qon topshirgan. Xarrisonning donorlik tarixi ham qiziq. U 14 yoshida og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazadi va zudlik bilan unga 13 litr donorlik qoni zarur bo‘ladi. Donorlar qoni hayotini saqlab qolganini tushungan Xarrison, kelajakda o‘zi ham donor bo‘lishini maqsad qilgan. Shundan keyin 18 yoshga to‘lishi bilanoq qon topshirishni boshlagan. 1960 yillarda Avstraliyada yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limi statistikasi keskin oshib ketadi. Tadqiqotlar bu fojiali statistikaning asosiy sababi ona va homilaning rezus faktorlari mos kelmasligi ekanini ko‘rsatadi. Odam qon plazmasidan ajratilgan anti-rezus immunoglobulin in’yeksiyalari yordamida chaqaloqlar o‘limining oldini olish mumkinligini bilgan olimlar mos donorni izlay boshlaydi va donorlik tajribasi o‘sha paytda 10 yil bo‘lgan Xarrisonni topishadi. Xarrisonning qoni shu qadar noyob ediki, uning hayoti bir million dollarga sug‘urta ham qilinadi. 2015 yilgacha Avstraliyada antirezus dorilarning barchasi Xarrisonning qon plazmasidan tayyorlangan. Shu maqsadda rekordchi donor 57 yil davomida har uch haftada qon plazmasini topshiradi. Xarrison donorlik faoliyati davomida 2 milliondan ortiq chaqaloqlar hayotini saqlab qolgan qahramondir. |
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter