Diydamiz qotayapti...
Kecha Qozog‘istonda mudhish avariya sodir bo‘ldi. O‘zbekistonliklar ketayotgan «Lada Largus» avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashib, yonib ketdi. Natijada olti nafar hamyurtimiz hayotdan ko‘z yumdi. Hodisa haqida axborot saytlari xabar berib, halok bo‘lganlarning dastlabki ro‘yxatini e’lon qildi. Hammasi 1977 — 1995-yillar oralig‘ida tug‘ilgan er yigitlar, bu safar Xorazm motam ichida qoldi.
Mavzuga doir:
Qozog‘istonda ro‘y bergan dahshatli YTHda olti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi (foto+video)
Avvalgi hodisalarda ijtimoiy tarmoqlar junbushga kelgan edi. Maqolalar, munosabatlar, she’rlar, blogpostlar, hamdardlik maktublari yozilgan, yordam aksiyalari uyushtirilgan, aybdorlar, hodisa sabablari va oqibatlari, muammo yechimlari ilgari surilgan edi. Biroq oxirgi vaqtlar Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar ishtirokida baxtsiz hodisalar tez-tez sodir bo‘lmoqda, ommaviy ravishda muzlab qolish, jarohat olish, o‘lim va hokazolar kuzatilayapti. Ular haqidagi xabarlar ko‘paygani sari diydamiz qotayapti. Munosabat bildirish tugul halok bo‘lganlarning haqqiga duo qilishga ham yaramay qolayapmiz, bunday hodisalarni eshitib yuraklarimiz jiz etmayapti. Aksincha, marhumlarni ayblash, qoralashga o‘tayapmiz.
Mavzuga doir:
Bu safar Xorazmda motam... Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘lganlar ro‘yxati e’lon qilindi
Aytish mumkinki, bu kabi baxtsiz hodisalar avval ham tez-tez sodir bo‘lgan. Ammo ularga munosabat boshqacha edi: OAV ular haqida yozmas, hukumat yordam bermasdi. Eplagan, imkoni borlar jasadlarni O‘zbekistonga olib kelar, eplamaganlar uzoqdan janozasini o‘qib, taqdirga tan berib qo‘yaqolardi. Ular haqidagi axborot, jarohat olganlar va halok bo‘lganlar ro‘yxatining e’lon qilinishini shov-shuv evaziga o‘quvchilar sonini oshirishga emas, balki birinchi o‘rinda yo‘l haqi arzon ekan deb uzoq va xavfli safarga chiqmoqchi bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni ogohlantirish, yaqinlari chet elga ketayotgan yoki xorijda bo‘lganlarni ortiqcha tashvishga qo‘ymaslik yoki zarur tayyorgarlik ko‘rishlarini ta’minlashga intilish sifatida baholash kerak. Bu kabi xabarlar diydamizni qotirib, e’tiborsiz, loqayd qilib qo‘ymasligi kerak, aksincha, ulardan kerakli xulosa chiqarishimiz, ibrat olishimiz lozim. Zero, bu kabi baxtsiz hodisalarning har biri eng avvalo millatning yo‘qotishi, yo‘l qo‘yilayotgan xatolarning achchiq mevasidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter